O’zbekistonda huquq himoyachilari prezident saylovlari natijalariga nisbatan norozilik bildirmoqda. Ularning aytishicha, xorijda yashayotgan besh milliondan ortiq fuqaro ovoz bermagan yoki ularning ovozi soxtalashtirilgan.
Frans-Press (AFP) axborot agentligi Toshkentda saylov kuni bir kishining uch marotaba ovoz berganini suratga olishga muvaffaq bo'lgan. Agentlik xabariga ko'ra, saylov uchastkalari mas'ullari katta yoshdagilarni ovoz berish xonalariga yetaklab kirgan. Ayrim saylovchilar esa butun boshli oilasi uchun ovoz berganini aytgan.
O`zbekiston Huquq Himoyachilari Alyansi Bosh prokuratura binosi oldida namoyish o’tkazib, adolat talab qilgan.
Huquq faoli Abdulla Tojiboy o`g`lining aytishicha ovozlar rasmiy zo`ravonlik va qo`rquv uyg’otish yo’llari bilan qo`lga kiritilgan.
Markaziy Saylov Komissiyasiga ko`ra, saylovchilarning sal kam 90 foizi Islom Karimovga ovoz bergan.
O`zbekiston Inson Huquqlari Tashabbus Guruhi va Qiynoqlarga Qarshi Guruh tarqatgan bayonotlarda aytilishicha saylovchilar qatlamini tashkil etuvchi asosiy kuchlardan biri - mehnat muhojirlari siyosiy tanlovdan chetda qolgan.
“Rossiyani chekka posyolkalarida ishlayotgan o`zbeklar uchun O`zbekiston konsullik bo`limi biror yirikroq shaharga kelib ovoz berishni tashkil qilish uchun pul sarflashini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun bizda ularning saylovda qatnashmagani haqida yetarli asos bor. Navoiy va Buxoro viloyatidagi ayrim qishloqlarda o`tkazgan so`rovlarimiz, bitta oiladan beshtagacha odam ish izlab chetga chiqib ketganini ko`rsatmoqda. Shundan kelib chiqib, Rossiya va Qozo`gistondagi o`zbeklar sonini 3,5 – 4 million deb hisoblash mumkin ”, - deydi jamoatchi faol Suhrob Ismoilov.
Saylov komissiyasi tomonidan o`tkazilgan yig`ilishlarda chetga chiqib ketgan o`zbekistonliklar soni va ularning saylovdagi ishtiroki haqida hech narsa deyilmagan.
Saylovda, komissiyaga ko’ra, 14 milliondan ziyod fuqaro qatnashgan.
Inson Huquqlari Tashabbus Guruhi rahbari Surat Ikromov saylovda asosan keksa yoshdagilar ovoz berganini kuzatgan.
“Aholini 5,5 milliondan ko`pi xorij davlatlarida. Markaziy Saylov Komissiyasining birinchi xatosi - 14 million 200 ming odam ishtirok etdi deb gapirayapti . Aslida shu sonning uchdan biri ishtirok qilgan. Ular chet elda yashayapti. Qachon keladi, xudo biladi. Ayrimlari 3-4 yilda bir marta kelib turadi. Hozir bir muhojir bilan gaplashdim, Istanbulga ketayapti. Bir yilda bir marta kelib ketar ekan. Ming yoki ikki ming odam emas, millionlab kishi qatnashmagan. Markaziy Saylov Komissiyasi buni qanday isbotlaydi”? – deya so’raydi Surat Ikromov.
O`zbekiston prezidenti saylovini kuzatgan xalqaro tashkilotlar saylovga turlicha baho bermoqda.
Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi missiyasi jarayon demokratik va oshkora o’tdi desa, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylov boshidan oxirigacha butunlay nodemokratik kechdi deya qayd etmoqda.