Breaking News

AQSh va Rossiya: Mudofaa tizimi bo'yicha murosadan darak yo'q


AQSh Polsha va Chexiyada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatsa, Rossiya bunga qarshi tizimni Belarusda barpo etishga qaror qilgan.

Masala yuzasidan bahslar davom etyapti. Oq uyning bildirishicha maqsad - Eron kabi davlatlardan himoyalanish. Kreml esa bunga ishonmaydi.

Xususiy tadqiqot firmasi xodimi Veyd Bouzning aytishicha Eron ballistik raketalarga ega, lekin ular hozircha AQShga xavf tug’dirmaydi.

“AQShga yeta oladigan raketalarni ishlab chiqarish uchun Eronga 5-10 yil vaqt kerak.”

AQSh rahbari fikricha esa Yevropada mudofaa tizimini tez orada o’rnatish lozim. Bush ma’muriyati so’nggi bir necha oy mobaynida Eron atom quroli ustida ishlayotganini da’vo qilib keldi, biroq AQSh razvedkasi bu dastur 2003 yilda to’xtagani haqida xulosa qildi. Ammo Bush Eronga nisbatan siyosat o’zgarmaydi deydi.

AQSh Yevropada mudofaa tizimini o’rnatish rejasida ham qattiq turib olgan. Bunga qarshi chiqayotgan Kreml nazarida aslida AQShning harbiy rejalari bundanda ulkan.

Rossiyaning xavotiri shundaki, deydi olim Maykl Levi, AQSh sekin-asta uning chegarasi atrofida qo’shin joylashtirib, o’z pozitsiyani kuchaytiradi. Ikkinchi masala esa AQShning sharqiy Yevropa davlatlari bilan yaqinlashuvi.

Rossiya rahbari Vladimir Putin AQShni dunyoga hukmronlik qilishga urinayotganlikda ayblagan. Moskva-Vashington o’rtasidagi tortishuvni Sovuq Urush davrini eslatuvchi voqealarga qiyoslagan.

Tahlilchi Jeyson Layl fikricha aslida achchiq so’zlarga hojat yo’q. Polsha va Chexiyada rejalagan tizimlar, deydi u, haqiqatdan ham mudofaani ko’zlaydi.

Putin AQShga tizimni Ozarbayjonda o’rnatishni taklif qilgan. Amerika rasmiylari bunday hamkorlikni olqishlasa-da, taklifga ko’ngani yo’q. Muzokara davom etmoqda.

Lekin gap AQSh va Rossiya bir-biriga quloq tutishida, deydi tadqiqotchi Veyd Bouz. Kreml AQSh rejasidan qaytsagina hamkorlik qilish mumkin deydi. Rasmiy Vashington esa Kreml xavotirlarini yumshatishga umid bog’lagan. Hozircha murosadan darak yo’q.

XS
SM
MD
LG