Breaking News

Iroq AQSh yordamisiz kun ko'rishga tayyor emas


AQSh qonunchilari Mudofaa vazirligi rasmiylariga bosimni kuchaytirgan. Savol shuki, Amerika qachongacha Iroq harbiylarini quvvatlashi lozim.

Yaqinda Iroq mudofaa vaziri Abdul Qodir al Ubaydi mamlakat armiyasi 2009 yilgacha xavfsizlikni ta’minlash mas’uliyatini o’z bo’yniga ololmaydi, 2012 yilga kelib esa vaziyatni to’liq boshqarishi mumkin deb Vashingtonni ancha xavotirga soldi.

Demokrat qonunchi Ayk Skelton AQSh harbiylariga qarab, ijobiy siljish bormi deya so’ramoqda.

“Masalaga qanday yondashyapsiz? Muammo negizi siyosiy vaziyatga bog’liqmi yoki Iroq armiyasini mazhab balosidan tozalash kerakmi?”, - deydi kongressmen Skelton.

Bag’dod xavfsizlik kuchlariga qo’mondonlik qilayotgan general-leytenant Jeyms Dubik 2008 yilning oxiriga borib, Iroq 580 ming askarga ega bo’ladi deydi. Lekin ular hali mustaqil kuchlar emas.

“Hozircha ular o’zlarini qurol va yonilg’i bilan ta’minlay olmaydi”, - deydi general.

Pentagon rasmiysi Mark Kimmit nazarida AQSh qo’shinining Iroqda ko’proq qolishi mintaqa xavfsizligi garovi bo’lib xizmat qiladi.

“Ittifoqchilarimiz yordamga muhtoj. Mintaqa beqaror ekan, AQSh armiyasi boshlangan ishni yarmida tashlab chiqib ketishini eshitsa, vaziyat yanada taranglashishi mumkin. Bizning maslahat va buyruqlarimizga hech kim bo’ysunmay qo’yadi”, - deydi janob Kimmit.

Bunga javoban qonunchi Jou Kurtney Bush ma’muriyati Kongressga o’z rejalari haqida ochiqroq gapirsin deydi.

“Prezident bizning orqamizda turli qarorlar qabul qilishdan ko’ra, oshkora ishlasin. Har bir reja nimaga, nima uchun tuzilgani borasida voqif qilib tursin. Qilg’iliqni qilib bo’lib, afsuslangandan ko’ra”, - deydi kongressmen.

Pentagon rasmiysi Kimmitga ko’ra, AQSh qo’shinlari Iroqda turmay, vaziyatni chetdan ham nazorat qila oladi. Buni ta’minlash mumkinmi, degan savolga Kimmit aniq javob bera olmadi.

Iroq rasmiylari gapidan kelib chiqib, AQSh qo’shinlarini qachon olib chiqa boshlaydi, 2009 dami yohud 2012 yilda degan savolga esa, Kimmit:

“Iroq mudofaa vaziri ichki xavfsizlik borasida o’z qarashlariga, Pentagon esa o’z sarhisoblariga ega”, - deya javob qaytardi.

Mutaxassislar nazarida Iroq politsiyasi va armiyasida muammolar talaygina. Asosiysi boshqaruv tizimining sustligi. Ularni bartaraf etish uchun mablag’, vaqt va sabr kerak deydi tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG