Afg’oniston eskadrilyasi tarkibida hozircha atigi to’rt samolyot va 16 ta vertolyot bor. Uch oy burun bundan ham kam edi.
Sovet Ittifoqi va Rossiyada chiqarilgan samolyotlar eski, uchuvchilarning o’rtacha yoshi 43 da.
Uchuvchilar juda tajribali bo’lishiga qaramay, kechasi va buzuq havoda uchmaydi.
AQSh brigada generali Jey Lindelning aytishicha, Afg’oniston armiyasi safidagi 180 dan ziyod uchuvchilar bir necha yildan buyon samolyot shturvalini ushlamagan.
Afg’oniston harbiy havo kuchlarini rivojlantirish uchun yillar kerak, yangi samolyotlar sotib olish, uchuvchilarni tayyorgarlikdan o’tkazish lozim.
Ularni nafaqat uchishga, balki armiya bilan hamkorlikda harakatlanishga o’rgatishimiz zarur, deydi Lindel.
Unga ko’ra, kelasi yili oxiridan boshlab yiliga 50 harbiy pilot AQShda tayyorgarlikdan o’tadi. Kelasi bir necha yil ichida turli mamlakatlardan 50 ka yaqin samolyot va vertolyot sotib olinadi.
Afg’oniston samolyotlari 2013 yilgacha jangovar operatsiyalarda ishtirok etmaydi. Asosan qo’shin va uskunalarni tashiydi. Tez orada ular yaradorlarni evakuatsiya qilish bilan ham shug’ullana boshlaydi, deydi AQSh generali.
Harbiy samolyotlarni jangga tayyorlash jarayonida ular qisman zamonaviy texnologiya bilan jihozlanadi.
Samolyotlar bir motorli, ikki uchuvchiga mo’ljallangan bo’ladi. Lazer yordamida nishonga olish salohiyati bo’ladi.
Zamonaviy samolyotlar uchun zamonaviy xizmat markazlari kerak, deydi AQSh generali. Uning fikricha, kelasi sakkiz yil ichida Afg’oniston eskadrilyasi 100 dan ortiq samolyotni tashkil etadi. |