Breaking News

Gollivud kino ustalari urush mavzusiga qaytmoqda


Amerikada hamma Gollivud kinolaridagidek boy va xushsurat bo’lmasa-da, mamlakat kino ustalari siyosiy manzarani iloji boricha haqiqatga yaqinroq qilib tasvirlashga harakat qiladi.

AQSh Yaqin Sharqda harbiy va diplomatik harakatlarini davom ettirib, turli xalqlar ko’nglini ovlar ekan, Gollivudda bu borada qator filmlar ekranga chiqish arafasida.

Amerika urushdami, demak kinochilar ham urush mavzusiga qaytgan. Vietnam urushi ketidan jangovar kartinalar davri boshlangan edi deydi san’atshunos Jonatan Kuntz.

“1970-yillar so’nggida, AQSh Vietnamdan chiqqach, Gollivud bizni urush filmilarga ko’mib tashlagan.”

AQSh hali Iroqni tark etgani yo’q. Lekin, deydi kino tanqidchi, amerikaliklar va jahon ahli bu haqdagi kinolarga tayyor.

“Iroq haqidagi filmlarda asosan frontdan qaytayotgan askarlar hayoti aks etmoqda. Ular zamon haqida nima deydi? Urush-chi? Yangi kartinalarda amaldagi siyosat tanqid qilinadi, urush jinoyatlari va maxfiy operatsiyalar yoritiladi.”

Yaqinda ekran yuzini ko’rgan filmlardan biri “Ela vodiysida” (In the Valley of Elah) deb nomlanadi. Tommi Li Jouns unda bosh rolni o’ynaydi. Urushda bedarak ketgan o’g’lini qidiradi. Og’li Iroqda jang qilardi. Kartina dramatik jihatdan a’lo baholanmoqda. Jouns bu yil Oskar mukofotiga nomzod.

Gollivud prezident Bushning ashaddiy tanqidchisi. Bush kartinalarda agressiv va o’zboshimcha rahbar sifatida gavdalanadi. Kinochilar bu bilan “xalqqa xizmat qilyapmiz” deydi. Masalan, “Sherlar Qo’ylar o’ljasi” (Lions for Lambs) filmi.

Kartinalar kishini o’ylantiradi, ammo ba’zida xalqqa quruq nasihatdek ham tuyuladi. Bu ko’pchilikka yoqmasligi mumkin.

Yana bir yangi kartina - “Tahqirlanganlar” (Redacted) filmi yanada nozik mavzuni ko’tarib chiqadi. Film amerikalik harbiylar tomonidan zo’rlangan iroqlik bir qiz taqdiri haqida.

O’zini “haqiqiy vatanparvar” deb atovchi sharhlovchi Bill Orayli filmdan norozi.

”Bu yovuz film va uning yovuz fikrli rejissyori maqsadiga yetadi albatta. Bizga qarshi nafratga to’la yosh musulmonlarga “mana muslimalarni zo’rlayapmiz” deya ko’rsatib, yana bir amerikalikni o’ldirish uchun imkon berayapmiz. Amerikaliklar o’limi shu rejissyor bo’ynida.”

Rejissyor Brayan De Palma esa kino amerikaliklarni o’ylantirsin deydi.

Yana bir kino ustasi Gavin Gudning “Kapitulyatsiya” (Rendition) filmi AQSh agentlarining terrorizmda ayblab odam o’girlash, uni so’roq qilish usullariga diqqatni qaratadi.

Bu kartinalar Gollivudga ko’p daromad keltirayotgani yo’q. San’at asari sifatida yuqori baholanmoqda xolos. Ayrimlari Oskarga ko’rsatilgan, ayniqsa urush haqidagi hujjatli filmlar.

“Yorug’lik Izlab” (No End in Sight) asari Bushning Iroqqa bostirib kirish qarori, “Zulmat tomon taksi” (Taxi to the Darkside) filmi esa Abu G’arib va Guantanamo qamoqxonalaridagi qiynoqlar haqida hikoya qiladi.

Gollivud ustalari yaqin kelajak ko’plab urush filmlariga guvoh bo’ladi deydi. Ular Amerikaning Yaqin Sharqdagi siyosatini savolga tutishi, Amerika ommasini yig’latishi yoki g’azabga keltirishi turgan gap.

Kino hayotni aks ettiradi. 100 foiz bo’lmasa-da, aksar achchiq tomonlarini.

XS
SM
MD
LG