Breaking News

"W" – prezident Jorj Bush haqida yangi film katta ekranlarda


AQShda saylovlar arafasida tarixiy filmlari bilan tanilgan Gollivud kino ustasi Oliver Stounning yangi asari katta ekranga chiqdi.

“W” deb nomlangan kartina prezident Jorj Bushning hayotini aks ettiradi.

Film Bushning talabalik yillaridan boshlanib, uning Oq Uyga qanday saylangani, Iroqqa urush ochish ortidagi maqsad va Amerika siyosati haqida hikoya qiladi.

Kinoni tomosha qilar ekansiz, qarshingizda soddadil, ammo ko’p jihatdan zaif bir inson gavdalanadi. Xuddi rejissyor sizni Bush aslida yomon odam emas deya ishontirishga urinayotgandek.

Filmda Bush - vitse-prezident Dik Cheyni, maslahatchi Kondoliza Rays, Karl Rouv, Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld va uning muovini Pol Volfovits tomonidan aldangan prezident. Bushning ruhiy dunyosi, oilaviy hayotiga ham nazar tashlaydi.

2003 yil. Qo’shma Shtatlar Iroqqa bostirib kirish arafasida.
Bush - dindor va qat’iy rahbar, biroq maslakdoshlari iznidan chiqmaydi. Ularning esa o’z maqsadlari bor.

Prezident Bush masalaga tahliliy yondashmaydi, balki o’z instinkt va his-tuyg’ulariga qarab qaror qabul qiladigan odam. Sport ishqibozi. Prezident bo’lish xayoliga ham kelmagan. Ammo otasi, davlat arbobi va hayotidagi boshqa o’zgarishlar uni beixtiyor katta siyosat ko’chasiga yetaklaydi.

Film ota-bola qissasi. Ikki prezidentga razm soladi.

Yosh Jorj Bush kayf-safoni yoqtiradi. Otasidan so’kish eshitib voyaga yetadi. Oilada unga nisbatan ishonchi past…

Bushlar avlodidan ekani bilan faxrlansa-da, Jorj yo’lini topolmay qiynaladi.

Xudoni taniy boshlaydi.

Ichishni tashlaydi. Ishlari yurishar ekan, siyosiy imkoniyatlar paydo bo’ladi. Bush “xudo va iymon meni shu yo’lga yetaklayapti” deya ishonadi.

Siyosiy strateg Karl Rouv bilan tanishadi va Rouv Bushning yaqin do’stiga aylanadi.

Filmdan lavha:
Bush: "Men katta beyzbol komandasi egasiman. Texas xalqi meni yaxshi biladi. Ular mening nimaga qodir ekanimni ko’rib turibdi. Men hech kimni kamsitmayman. Oddiy xalq orasidaman. Mening avomdan farqim yo’q. Menga ishonsa bo’ladi".

Rouv: "Barakalla! Gap ana shunda. Odamlar yoningda o’tirib otamlasha oladimi, demak, senga tayansa bo’ladi…"

Bir paytlar yo’l topa olmay yurgan Jorj Bush, qarabsizki, prezident. Boshida hech kimga quloq tutmaydi, lekin rahbarga aql o’rgatuvchilar ko’p.

Jorj Bush rolini aktyor Josh Brolin ijro etadi. Obrazni juda chuqur o’zlashtirgan.

“Bushni o’ynash oson bo’lmadi. Sal bo’lsa-da ’xshatdim degan umiddaman”, - deydi aktyor Josh Brolin.

Jennifer Banks esa vafodor va uyatchan Lora Bush rolida. Ziyoli va erining eng ishongan odami.

Prezidentlar, qolaversa murakkab shaxslar ruhiyatini analiz qilish oson emas. Shunday ekan, kartina omma orasida ham maqtov, ham tanqidga sabab bo’lmoqda.

Rejissyor Oliver Stoun esa kinofilm faktlarga va guvohlarga asoslangan deydi:

"Bush haqida qancha kitoblar bitildi. Uning qo’lida qancha odamlar ishladi. Ko’p kishi bilan gaplashdik. Ssenariy shularga asoslangan".

“W” filmi demokratlar yoki respublikachilar, hatto saylov haqida ham hech narsa demaydi. Kartina – prezident Bushning chizgisi. Uning Amerika va jahon hayotida o’ynagan roli, qarorlari, Bush atrofidagi odamlar haqida hikoya qiladi. AQShni sakkiz yil boshqargan va dunyo siyosatini larzaga solgan shaxsning ichki dunyosiga nazar tashlaysiz.

XS
SM
MD
LG