Breaking News

2007 yilda jahon bo'ylab 65 jurnalist o'lgan


Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga (CPJ) ko’ra, o’tgan yil muxbirlar uchun qonli davr bo’lgan. Qo’mita yillik hisobotida Xitoy Olimpiya o’yinlaridan oldin matbuot erkinligini cheklayotganlikda ayblanadi.

Qo’mita hisobotiga ko’ra, o’tgan yili jami 65 jurnalist o’z vazifasini ado etayotib halok bo’lgan. Ularning yarmi Iroqda ishlagan. Xitoy esa muxbirlarni qamoqqa tashlash bo’yicha yetakchi o’rinda ekani ta’kidlanadi.

Tashkilot vakili Bob Ditsning aytishicha, Olimpiya o’yinlariga oz vaqt qolarkan, xalqaro hamjamiyat Xitoydan o’z siyosatini o’zgartirishni talab qilmoqda. Biroq hukumat hali ham so’z va matbuot erkinligini poy mol qilmoqda.

Xitoyda xorijiy jurnalistlar faoliyati ham keskin cheklangan. Hukumat chet el muxbirlari aholidan bemalol intervyu olishi va mavzularni yoritishi mumkin deyishiga qaramay, norozilik namoyishlarini yoritishga uringan jurnalistlarga bunday imkoniyat berilmagan, ba’zilari esa hatto do’pposlangan.

Tashkilot rasmiysi Dits Xalqaro Olimpiya Qo’mitasini Xitoydagi ahvolga ko’z yumayotganlikda ayblaydi.

Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi Xitoyni o’z va’dalari ustidan chiqishini talab qilib, bosim o’tkazmayotgani tashvishlanarli hol, deydi Dits.

Afrika qit’asida jurnalistlar uchun eng xavfli davlat deb Somali qayd etilmoqda. O’tgan yili bu mamlakatda 7 muxbir o’lgan.

Tashkilot hisobotida Rossiya va O’zbekistondagi ahvol ham xavotir bilan tilga olinadi. Unda aytilishicha, O’zbekistonda G’arb matbuoti uchun ishlaydigan mahalliy jurnalistlar tazyiqqa uchragan. Besh nafar muxbirning qamoqda ekani bayon etiladi. Rasmiylar Internetni ham cheklamoqda, deyiladi “Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi”ning yillik hisobotida.

XS
SM
MD
LG