Breaking News

Siyosiy sabablar bilan sudlanganlarning ayrimlari avf etilmoqda


O`zbekistonda o’tgan yil so’nggida e`lon qilingan amnistiya tufayli siyosiy sabablar bilan sudlangan kishilar ham kechirilmoqda.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyevning o`g`li Ixtiyor Hamroyev ozod etilgan. Hamroyev bezorilikda ayblanib qamalgan edi.

O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli haqida tanqidiy materiallar bilan ushlanib, mamlakat xavfsizligiga rahna solganlikda ayblangan va o'tgan yili shartli qamoq jazosiga hukm qilingan Umida Niyozova ham avf etilgan.

"Bir kun oldin borib tushuntirish xati yozib kelgan edim, har doimgidek. U paytda hech gap yo`q edi. Ertasi kuni telefon qilib prokurorning amnistiya haqidagi qarorini ko`rsatishdi. Kutilmagan voqea bo`ldi”, - deydi Niyozova.

Yaqinda uch yarim yilga panjara ortiga mahkum etilgan sirdaryolik huquq himoyachisi Karim Bozorboyev ham amnistiya asosida erkinlikka chiqqan edi.

Kuzatuvchilar nazarida huquq himoyachilari va ularning yaqinlarining qamoqdan ozod etilayotgani G’arbning inson huquqlari bo`yicha bosimlari O`zbekistonda inobatga olina boshlanayotganidan darakdir.

“Siyosiy mahbuslar qamoqdan ozod qilinmas, so`z erkinligi, siyosiy erkinliklar bo`yicha biror qadam tashlanmas ekan, o`ziga yomon bo`lishini O`zbekiston hukumati his qila borayapti. Agar O`zbekiston hukumati tashqi dunyodan uzilib qolishni istamasa, albatta shunday qilishi kerak. Yaqin yillarda siyosat biroz yumshashi mumkin”, - deydi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.

Aytish joizki, so`nggi ikki yilda respublikada ko`plab faollar qamoqqa olingan va ularga nisbatan tazyiqlar to’xtagani yo’q.

Dekabr oyida militsiya xodimiga hujum qilganlikda ayblanib hibsga olingan muxolifatchi shoir Yusuf Jumaning sog’lig’i o’gir ekani aytiladi.

Shoirning advokati Ruhiddin Komilov Yusuf Juma bilan uchrashuvga ruxsat berilmayotgani bois uning ahvoli haqida aniq bir narsa deya olmaydi.

Huquq himoyachilarining aytishicha amnistiya sabab hozirgacha yuzlab mahbuslar ozodlikka chiqqan bo’lsa-da, e’tiqodi bois qamalgan yana minglab insonlar qamoqda qolmoqda.

Yaqinda Buxoroda 14 kishi ustidan sud boshlangan. Prokuratura ularni ekstremistik tashkilotga a`zolikda ayblagan. Ularning himoyachilariga ko`ra esa bu fuqarolar oddiy namozxonlar.

Human Rights Watch, xalqaro inson huquqlari tashkiloti hisobotlarida O`zbekistonda 15 ga yaqin huquq himoyachisi qamoqda ekani ta`kidlanadi.

Faollar nazarida amnistiya ijobiy qadam, biroq mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini ta`minlash uchun jiddiy harakat boshlanmas ekan, hukumatdan norozi insonlar qamoqqa tashlanish ehtimoli bilan yuzlashaveradi.

XS
SM
MD
LG