Breaking News

Xorijga ketgan mutaxassislar vataniga sarmoya kiritmoqda


Sobiq Sovet ittifoqi qulagach, uning tarkibidagi davlatlar ilm ahli va malakali mutaxassislarini qo’ldan boy bera boshladi.

Vatanida munosib haq olmagan ishchi kadrlar xorijga jo’nab ketdi.

Hisob-kitoblarga ko’ra, bir olim vatanni tark etsa, mamlakat o’rtacha 100-200 ming dollar ziyon ko’radi.

Vaziyatni o’rganib chiqqan Jahon Banki esa ahvol biz o’ylaganchalik yomon emas deya xulosa qilmoqda.

Asli qirg’izistonlik Rafis Abazov mana 3 yildirki AQShdagi Kolumbiya Universitetida dars beradi.

Vaqti-vaqti bilan uning talabalari Markaziy Osiyo davlatlariga safar qilib, u yerdagi muammolarga yechim izlaydi.

“Avvallari asosan Lotin Amerikasi, Afrika va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida izlanish olib borilgan. Universitetga ishga kelganimdan so’ng Markaziy Osiyoga e’tibor qaratishga harakat qildim”, - deydi Abazov.

Boris Vinogradskiy jarroh. AQShning Klivlend shahrida o’z shifoxonasi bor. Bundan tashqari, Rossiya-Amerika Tibbiy Uyushmasi raisi.

“Biz, ham AQShdagi, ham sobiq ittifoq davlatlaridagi shifokor va bemorlar bilan birgalikda ishlashga harakat qilamiz. Rossiya Sog’liqni Saqlash vazirligi bilan turli loyihalar ustida ishlayapmiz”.

Jahon Banki hisob-kitobiga qaraganda, chet elda faoliyat ko’rsatayotgan malakali mutaxassislar 2007 yilning o’zida vataniga 240 milliard dollar pul o’tkazgan. Xususan, Rossiyaga 4 milliard dollar, Tojikistonga esa 1.3 milliard dollar jo’natilgan.

O’zbekiston va Turkmanistonda bu raqam qancha ekani haqida aniq ma’lumot yo’q. Shunisi ma’lumki, O’zbekistondan 2005 yilda 2 milliondan oshiq fuqaro, ya’ni aholining 8 foizi xorijga chiqib ketgan.

Jarroh Boris Vinogradskiy buning kasbiy sabablari haqida garipadi:

“Avval esingizda bo’lsa, institutlarda “Lenin” nomidagi stipendiyalar bo’lardi. Men doimo “a’lo”ga o’qiganman. Mahoratimni oshirishga intilganman. Rossiyada mohir jarroh bo’lish uchun sharoit yo’q edi. Amerikada esa tinimsiz ishlaysiz, 100 foiz qobiliyatingizni ishga solasiz va natijasini ko’rasiz”.

Bu mutaxassislarga ko’p hollarda shunday savol berishadi: Vatanga qaytmoqchimisiz? Kolumbiya Universiteti muallimi Rafis Abazov:

“Agar mening bilimim va ko’nikmamga munosib haq va e’tibor berilsa, albatta. Men har yili Qozog’istondagi universitetda dars beraman. Universitet taklif qiladi. Talabalarga saboq beraman. Vatanga qaytish deganda mana shu yo’l menga ma’qul. Borib-kelib yurish qulay”.

Jarroh Boris Vinogradskiy fikricha, Rossiyadagi sog’liqni saqlash tizimi tubdan o’zgarsagina, mutaxassislar vataniga qaytishi mumkin:

“Vatanimdagi voqealarni diqqat bilan kuzatib boraman. Chunki ikki davlat shifokorlari muntazam hamkorlik qilib boradi. Gap shundaki, Rossiyada so’gliqni saqlash tizimini o’zgartirish juda qiyin. Jarayon bir necha o’n yil davom etishi mumkin. Buning ustiga, u yerda to’lanadigan maoshga yashab bo’lmaydi. Oilam bor, boqish kerak. Tabiiyki, munosib haq olishni xohlaydi inson”.

Jahon Banki fikricha, rivojlanayotgan davlatlarda imkoniyatlar cheklangan.

Mutaxassis vatanida turib muvaffaqiyat qozonishi qiyin. Ilm ahlini xorijda ushlab turgan kuchli omillardan biri maosh.

Malakali kadr o’z ishiga yarasha yaxshi oylik olishni xohlaydi. Ularni qaytarish uchun esa hukumatlar ilm-fan va boshqa sohalarga ko’proq mablag’ ajratishi lozim.

Hukumat ularning manfaat va huquqini himoya qilsagina xorijdagi kadrlar vataniga ham moddiy, ham intellektual sarmoya kirita boshlaydi.

XS
SM
MD
LG