Breaking News

Qo'shma Shtatlar Rossiyadagi siyosiy jarayonlardan xavotirda


2 mart kuni Rossiyada prezident saylovlari. Unda Yevropadan kuzatuvchilar ishtirok etmasligi mumkin. Prezident Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya suveren davlat va u saylov kampaniyasining chetdan baholanishiga yo’l qo’ymaydi. Saylov kampaniyasining G’arb tomonidan tanqid qilinishi Rossiyani asabiylashtirmoqda.

AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo bo’yicha muovini Deyvid Kreymerning aytishicha, Rossiya siyosiy erkinliklar jihatidan Sovet Ittifoqiga o’xshamaydi. Undan farqli o’laroq, Rossiya matbuoti erkinroq. Biroq shu bilan birga Sovet Ittifoqida bo’lgani kabi, bugungi Rossiyada ham tazyiqlar yo’q emas.

"Matbuot va jurnalistlarga bosim o’tkazilmoqda. Nodavlat tashkilotlar hukumat chizgan chiziqdan chiqa olmaydi. 90-yillarda boshlangan demokratik jarayonlar to’xtab qoldi va bu Qo’shma Shtatlarni xavotirga solmoqda."

AQSh xavotiri Rossiyani qanchalik tashvishga solmoqda? AQSh rasmiysi nazarida so’nggi paytlarda Rossiya tashqi siyosatida G’arbga nisbatan salbiy o’zgarishlar kuzatilgan.

"Albatta, Rossiya siyosiy tuzumining qanday bo’lishini rossiyaliklarning o’zlari hal qilishi kerak. Xalqi va rahbariyati. Biroq AQSh, Yevropa davlatlari, Katta Sakkizlikka a’zo mamlakatlar hurmat qiladigan demokratik qadriyatlarning ayrimlari, jumladan, so’z va uyushish erkinligiga Rossiya ham amal qilishi kerak. Erkin va odil saylovlar o’tkazish ham shular jumlasidan," deydi Deyvid Kreymer.

AQSh Davlat razvedka xizmati rahbari Maykl Makkonelning yaqinda Kongressga aytishicha, Rossiya yonilg’i resurslariga ishonib, ulardan AQSh va G’arbga qarshi iqtisodiy va siyosiy qurol sifatida foydalanishi uni jiddiy tahdidga aylantirmoqda.

AQSh davlat kotibi muovini Deyvid Kreymerning aytishicha, Rossiyaga o’z gazini sotayotgan davlatlarning yaqinda yonilg’i narxlarini ko’tarishi, narxlarni bozor munosabatlariga qarab belgilashi sog’lom va tabiiy holdir.

"Biz buni qo’llab-quvvatlaymiz. Biroq ziddiyatlar tug’ilganda yonilg’ini uzib qo’yish muammoni hal qilishning sog’lom yo’li deb o’ylamaymiz."

Vashingtondagi Jeymstaun Jamg’armasi tahlil instituti xodimi Jonas Bernstayn fikricha, ayni damda AQSh-Rossiya aloqalari Bush va Putinning so’nggi sakkiz yillik prezidentligi davrida eng past darajaga tushgan.

"Rossiyada demokratik jarayonning ortga surilishi so’nggi paytgacha Rossiyani himoya qilib kelgan siyosatchilarga ham yetib keldi. Shunga qaramay, ikki davlat o’rtasida hamkorlik uchun jabhalar talaygina," deydi Bernstayn.

Vashingtondagi yana bir tahlil instituti, Nikson Markazi eksperti Nikolas Gvozdevning aytishicha, Rossiya qudratli davlat maqomiga ko’pchilik o’ylaganidan ham tezroq erishdi. Bugunga kelib Rossiya xorijiy valyuta zahiralari bo’yicha jahonda uchinchi o’rinni egallaydi. Qo’shma Shtatlar bilan teng muloqot qilishni, jahon sahnasida mustaqil o’yinchi bo’lishni istaydi.

Rossiya demokratiyadan qaytmagan taqdirda ham uning katta sahnaga qaytib kelishi ko’pchilikni xavotirga solgan bo’lar edi. So’nggi paytda Rossiyaning ko’p masalalar bo’yicha pozitsiyasi G’arb va AQShnikidan keskin farq qilib, bir qator ziddiyatlarga olib kelmoqda, deydi Gvozdev.

Jonas Bernstayn fikricha, Rossiya o’zini bunday tutish bilan asosan fuqarolariga “Rossiya oyoqqa turib oldi, eski qudratini tiklamoqda” deb ko’rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG