Breaking News

Prezidentlikka nomzod Dmitriy Medvedev raqiblaridan ancha oldinda


Prezident saylovlarida Vladimir Putin qo’llab-quvvatlayotgan nomzod Dmitriy Medvedevning g’alaba qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Kreml uni barqarorlik garovi deb tanishtirmoqda.

“Rossiyadek mamlakatda barqarorlikni ta’minlash uchun fuqarolar davlat rahbariga ishona olishi kerak”, - deydi Putin.

Ommaviy so’rovlarga ko’ra Medvedevning prezident bo’lishi hozirdan aniq. Boshqa nomzodlarga kelsak, bular - kommunistlar rahbari Gennadiy Zyuganov, Liberal demokratik partiya raisi Vladimir Jirinovskiy va Andrey Bogdanov. Bogdanov haqida saylovchilarga deyarli hech narsa ma’lum emas.

Prezidentlikka intilgan sobiq bosh vazir Mixail Kasyanov esa imzolarni soxtalashtirganlikda ayblanib, ro’yxatdan o’tkazilmagan edi.

Siyosiy tahlilchi Aleksandr Konovalov fikricha nomzodlar orasida haqiqiy muxolifatchilar yo’q. “Rossiyada saylovlar hech qachon konstitutsiya talablariga javob bermagan”.

Dmitriy Medvedev munozaralarda qatnashishdan bosh tortgan. Prezident Putinning aytishicha, odamlar hukumat erishgan yutuqlardan mamnun, kelajakdagi rejalar belgilangan, munozaraga hojat yo’q.

“Drugaya Rossiya” koalitsiyasi rahbari Garri Kasparovga prezidentlikka nomzod bo’lishga yo’l berilmagan. “Hokimiyat rejalangan holda va konstitutsiyaga zid ravishda tanlangan nomzodga tortiq qilinmoqda,” deydi koalitsiya a’zolari. 3 martda muxolifatchilar mamlakat bo’ylab namoyishlar o’tkazmoqchi.

Xalqaro tashkilotlar Rossiyada saylov siyosiy erkinliklar cheklangan bir sharoitda o’tadi deb bong urmoqda. Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti hisobotiga ko’ra, muxolifat va axborot vositalari bosim ostida. O’tgan yillar ichida bir necha jurnalistning qanday halok bo’lgani ham shubha uyg’otadi.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti tahlilicha fuqaro erkinliklarini cheklovchi qonunlarning ko’pi Vladimir Putin prezidentligi davrida qabul qilingan.

“Bugun hukumatni tanqid qilish qiyin. Fundamental huquqlar - so’z erkinligi va uyushish erkinligi cheklangan. O’tgan yilgi parlament saylovlarida bo’lganidek, prezident saylovlari arafasida ham shu ahvol kuzatilmoqda”, - deydi tashkilot tadqiqotchisi Viktoriya Vebb.

Garri Kasparov vatanidagi saylovlarni AQShda ketayotgan poygaga taqqoslaydi.

“Amerikada hammaning diqqati nomzodlar-u ular orasidagi debatlarda, Rossiyada esa butun saylov jarayoni sahnalashtirilgan. Dmitriy Medvedev bo’lajak prezident ekanini bilamiz”, - deydi Kasparov.

Kreml nohukumat tashkilotlarni, ayniqsa G’arbga tegishlilarini dushman deb ko’rib, ularni ma’muriy va qonuniy yo’llar bilan yopmoqda. Xalqaro Amnistiya tashkiloti xususan jurnalistlarga qarshi hujumlardan tashvishda.

2006 yilda Moskvada o’ldirib ketilgan jurnalist Anna Politkovskayaning o’limi yuzasidan tergov juda sekin kechyapti, deydi tashkilot xodimi Viktoriya Vebb. Politkovskaya Putinning ashaddiy tanqidchisi edi.

Kreml ham, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham bu boradagi tanqidlarga javob bermagan. Vladimir Putin xalqaro maydondagi tanqidchilarni Rossiya obro’sini tushirishga urinayotganlikda ayblaydi.

Vashingtonda siyosiy tahlilchi Liliya Shevtsovaning aytishicha saylovda Kreml qo’llab-quvvatlayotgan nomzod, 42 yoshli Dmitriy Medvedev kuchli boshqaruvchi-apparatchik ekanidan tashqari, u haqda odamlarga hech narsa ma’lum emas.

Shunga qaramay, so’nggi so’rovda Rossiya fuqarolarining 70 foizi unga ovoz berishini aytgan. “Chunki Vladimir Putinga ishonamiz” deydi ko’pchilik.

“Kremldagi rahbarlik kursisiga kim o’tirishi hozirdan aniq. Lekin eng muhimi Rossiyani kim boshqarishi noma’lum. Chunki prezident Putin siyosatni hali-beri tark etmoqchi emas. Medvedev uni bosh vazirlikka tavsiya qilgan”, - deydi Liliya Shevtsova.

Medvedev prezident bo’lishi kutilayotgan ekan, uning oldida qator murakkab vazifalar turibdi. Neftdan tushayotgan daromad Rossiya xazinasini boyitdi, biroq inflyatsiya - narx-navoning o’sishi bu yili 15 foizga yetadi. Hukumat non, sut va yog’ kabi asosiy mahsulotlar narxini ma’muriy choralar bilan ushlab turibdi.

Hokimiyat tepasiga kelgach, Medvedevning Putinga sodiq ekani haqidagi tasavvurlar o’zgarishi, mamlakat oldida turgan muammolarni yechish uchun Medvedev o’z yo’lini tanlashi mumkin, deydi siyosatdonlar.

XS
SM
MD
LG