Breaking News

Aksariyat musulmonlar AQShni emas, uning siyosatini yoqtirmaydi


Dunyo bo’ylab aksariyat musulmonlar nazarida siyosatchilar o’z maqsadlariga erishishda terrorizm xavfini ro’kach qilmoqda.

Ommaviy so’rovlar natijasi yana shuni ham ko’rsatmoqdaki musulmonlar AQShning Yaqin Sharqqa nisbatan amaldagi siyosatidan norozi.

AQShda asoslangan Gallup taqdiqot markazi so’nggi olti yil ichida 35 musulmon mamlakatida jamoatchilik fikrini o’rgandi.

Asosiy savollarga e’tibor bering: Nega musulmon dunyosida Amerika va G’arbga qarshi kayfiyat kuzatilmoqda? Ekstremistlar kim? Musulmonlar demokratiya haqida qanday fikrda?

Javoblar yaqinda bir kitob shaklida nashrdan chiqdi. “Islom nomidan kim gapiradi”? degan nom ostida. So’ralganlarning 92 foizi mo’tadil musulmonlar, faqat yetti foizigina o’zini radikal deb tanishtirdi, deydi loyihani yuritgan olim Jon Espozito.

“Yevropami yoki AQSh, musulmonlar ularning tashqi siyosatidan norozi. G’arbni bosqinchi, mustamlakachi sifatida ko’radi”, - deydi tadqiqotchi.

Musulmonlar fikricha G’arb insonlarni terrorizmga yetaklayotgan omillarni aniqlash o’rniga, butun aybni dinga – islomga ag’darmoqda. Bu borada izlangan olima Dalia Mogahidning aytishicha:

“So’rovda qatnashgan musulmonlardan 7 foizigina 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan qayg’uga tushganini bildirdi. Sabab ularning siyosiy qarashlarida. Xulosa shuki, bu odamlar G’arbning musulmon jamiyatlariga nisbatan uzoq yillar davomida qanday siyosat yuritganini qoralaydi.”

Dali Mogahidning aytishicha musulmonlarning aksariyati AQShni yomon ko’rmaydi. Uning texnologiyasi, bu mamlakatdagi erkinliklar, bu jamiyatdagi ish uslublari ko’pchilikka ma’qul. Biroq, deydi olima, ko’pchilik musulmonlar prezident Jorj Bush va uning siyosatini yoqtirmaydi.

“Gap Amerikaning musulmon dunyosiga qaratilgan tashqi siyosatiga borib taqaladi. Ular nazarida AQSh ikkiyuzlamachi. Demokratiya targ’iboti deydi-yu, bu xalqlarni qiynayotgan rahbarlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi”, - deya tushuntiradi Jon Espozito.

Musulmonlar G’arb bilan yaqinlashishni xohlaydi, deydi olim. Biroq avvalambor ularga nisbatan adovat to’xtatilishi, islom diniga terrorizm o’cho’gi sifatida qarashga nuqta qo’yilmog’i lozim.

Tadqiqotlardan xulosa shuki, musulmonlar siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot istaydi. Ular tinchlik va farovonlik tarafdori. G’arb bu jamiyatlar bilan xolisona hamkorlik qilishi va ular yordamida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishi mumkin, deydi tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG