Breaking News

O'zbekistonda yana bir hokim ishdan olindi


O’zbekiston prezidenti Farg’ona viloyati hokimi Abduhoshim Abdullayevni ishdan bo’shatar ekan, viloyatda ish o’rinlari yaratilmaganini ta’kidlab o’tgan.

Sharhlovchilar nazarida xuddi shu sabab bilan deyarli barcha viloyat hokimlarini vazifasidan chetlatish mumkin.

“2007 yilda bandlik idoralariga ish so’rab murojaat qilganlar soni 2006 yilga nisbatan qariyb 11 ming kishiga, ya’ni 20 foizga oshgan. Lekin ishga joylashganlar soni o’tgan yilga nisbatan faqat bir foizga ko’paygan”, - dedi prezident Islom Karimov.

So’nggi paytda boshqaruv idoralarida kadrlar qayta-qayta almashmoqda. Ammo, deydi sharhlovchilar, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o’zgarishlar kadrlar masalasiga bog’liq emas.

Farg’ona viloyati hokimi etib respublika yog’-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi boshqaruvi raisi Mamatisoq G’afurov tayinlangan. Farg’onalik sharhlovchi Fazliddin Risqiyevning aytishicha, O’zbekistonda kadrlar almashgani bilan muammolar hal etilmayapti.

“Samarqandda ham uch marta hokim almashdi. Eski hokimning familiyasi aytiladi, qolgan kamchiliklar bir qolipda, bir andozada. Bundan nima kutish mumkin? Yangi ish o’rinlariga qiziqayotganlar ham kam. Maktab yoshidagilar ham Rossiyada ishlashga ketgan”, - deydi Risqiyev.

Karimov Farg’onaga safaridan oldin oylik maoshlarini oshirish haqida farmon chiqardi. Bu esa O’zbekistonda narx-navo ko’tarilishini anglatadi.

“Yaqinda qo’shnimiz uyini 5,5 ming dollarga sotgan edi, ikkinchisi 15 ming dollarga sotdi. O’sib kelayotgan avlodga uy-joy kerak. O’zbekiston prezidenti o’rtacha ish haqi 210 dollar deyapti. Bir o’g’li yoki qiziga joy qilaman desa, necha yil pul yig’ishga to’g’ri keladi?”, - deb so’raydi sharhlovchi.

Prezident uchinchi muddatini boshlagach, bir necha rasmiyni ishdan oldi. Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov so’zlariga ko’ra, yangi saylangan Islom Karimovdan siyosatda, ijtimoiy hayotda o’zgarishlar kutilmoqda.

“Odamlar turmushida, hatto yog’, non, paxta narxlarida ham muqimlik yo’q. Odamlarga ta’sir qilayapti, shuning uchun Islom Karimov o’z mavqeini ushlab turish uchun ham hukumatda jiddiy o’zgarish qilishi kutilgan edi. Lekin hozircha bu kuzatilmayapti”, - deydi Tashanov.

Mustaqil jurnalist Sergey Yejkov fikricha yaqin kelajakda biror muhim kadrlar almashishi kutilmayapti.

“O’zbekiston siyosatini ham, iqtisodiy strategiyasini ham davlat rahbari belgilaydi. Hukumat esa uni ijro qiladi. Shuning uchun hukumat tarkibidagi biror almashish O’zbekiston siyosatida o’zgarish qilishi mumkin degan fikrlarga qo’shilmayman”.

XS
SM
MD
LG