Breaking News

AQSh Xitoyni siyosiy islohotlarga chaqirmoqda


Yozgi Olimpiya o’yinlari yaqinlashar ekan, AQSh matbuotida Xitoy mavzusi keng yoritilmoqda. Qo’shma Shtatlar rasmiy Pekinni inson huquqlari ahvolini yaxshilashga chaqirmoqda.

“Nyu-York Tayms” gazetasi Xitoy rasmiy matbuotiga ishora qilgan holda uyg’urlar yashaydigan Shinjon viloyatidan uchgan yo’lovchi samolyotni olib qochishga uringan ikki shaxs ekipaj a’zolari va havo politsiyasi yordamida to’xtatilgani haqida xabar qiladi.

Xitoy hukumatiga ko’ra, Shinjonda shuningdek yozgi Olimpiada kunlari terror xurujlarini uyushtirmoqchi bo’lgan bir guruh fosh etilgan. Xitoy 8 yarim millionga yaqin uyg’urlar yashaydigan viloyatda bo’lginchilik va terrorchilik kayfiyati kuchli deb, uyg’urlarga qarshi tazyiq o’tkazib keladi. Inson huquqlari tashkilotlari bularning barchasini bahona deb Xitoy hukumatini tanqid ostiga oladi.

Yanvar oyida Urumchida politsiya mahalliy uyg’urlarga hujum qilib, ikki nafarini o’ldirgan, 15 kishini esa hibsga olgan edi. Rasmiy Pekin nazarida ular ham terrorchi bo’lgan.

Hukumat ularni Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga a’zolikda ayblaydi. Harakat Qo’shma Shtatlar va BMT tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olingan.

“Vashington Post” gazetasiga ko’ra, Xitoy hukumati inson huquqlari bo’yicha har qanday tanqidni ichki ishlariga aralashuv sifatida ko’radi. Shu sabab AQSh bilan inson huquqlari bo’yicha olib borilgan muloqot besh yil oldin to’xtatilgan edi. O’tgan oy rasmiy Pekin muloqotni davom ettirmoqchi ekanini aytgan. Gazeta nazarida bu Olimpiya o’yinlaridan oldin Xitoyga nisbatan kuchayayotgan xalqaro bosimga javob bo’lishi mumkin.

Biroq inson huquqlari tashkilotlari fikricha, Xitoy muloqotni davom ettirish istagi bilan sirtdangina tanqidlarga javob berayotganday ko’rinmoqchi xolos. Aslida esa hech narza o’zgarmaydi.

Qo’shma Shtatlar muloqot davomida ma’lum natijalarga erishilishiga diqqat qaratishi va bu muloqot Olimpiya o’yinlaridan oldin o’tkazilishi lozim, deb yozadi “Vashington Post”.

Gazeta fikricha, AQSh Xitoy bilan muloqot chog’ida siyosiy mahbuslar ro’yxatini va mavjud ro’yxatdagi mahbuslarga nisbatan munosabatning yaxshilanishini talab qilishi kerak.

Xalqaro hamjamiyat diqqat markaziga tushgan mahbuslar odatda muddatidan erta ozodlikka chiqadi. Biroq ularning ayrimlari ozodlikka chiqqach, Xitoy hukumatining ashaddiy tanqidchisiga aylanmoqda. Bu hol esa rasmiy Pekinni bezovta qilmoqda, deb yozadi “Vashington Post”.

XS
SM
MD
LG