Breaking News

Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati haqida nima bilamiz?


Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati haqida nima bilamiz?
Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati haqida nima bilamiz?

Xitoy rasmiylarining bildirishicha, o’tgan yakshanba Shinjon-uyg’ur muxtoriyatida sodir etilgan xuruj ekstremist guruh, Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatining ishi. Jangarilar, deydi rasmiylar, Pokistonda tayyorgarlikdan o’tgan.

Xitoy harakatni birinchi va oxirgi bor ayblayotgani yo’q. Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati qanday guruh? Maqsadi nima? Amerika va Xitoy uning tarixi, terrorizmga aloqasi bo’r-yo’qligi haqida nimalarni biladi?

Bundan 10 yil oldin, 11-sentabr xurujidan ko’p o’tmasdan Xitoy mamlakatda va chetda Sharqiy Turkistonga aloqador 40 dan ziyod terrorchi guruhlar ro’yxatini tuzib, ularni al-Qoida va Tolibon bilan bog’lab, Afg’onistonda malaka oshiradi va pul oladi, deya tamg’alagan edi.

Shinjonda yashovchi uyg’urlar Xitoyning mintaqadagi siyosatidan nafratda ekanini yashirmaydi. Aksariyati mustaqil Sharqiy Turkiston davlatini tuzish harakatlarini qo’llab-quvvatlaydi.

Shinjonda yashovchi uyg’urlar Xitoyning mintaqadagi siyosatidan nafratda ekanini yashirmaydi.
Shinjonda yashovchi uyg’urlar Xitoyning mintaqadagi siyosatidan nafratda ekanini yashirmaydi.

Xitoy hujjatlarida sakkiz tashkilot zo’ravonlikni ochiqdan-ochiq qurol qilgan deyilsa, Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati shulardan biri. Rasmiy Pekin nazarida uning rahbari Hasan Mahsum Osama bin Ladenning sherigi bo’lgan, Afg’onistondagi jangarilardan pul olib, mashq ko’rgan.

2002-yilning yanvarida Sharqiy Turkistondagi terrorchi uyushmalarga doir batafsil hisobot e’lon qilinib, ular 1990-2001 yillarda Shinjonda 200 dan ziyod hujumlarda ayblangan.

Amerika Qo’shma Shtatlari ham Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatini terroristlar ro’yxatiga qo’shdi. Tez orada guruh Davlat departamenti qora ro’yxatiga tushib ulgurdi.

Departament ta’rifiga qaraganda, harakat Afg’onistonda al-Qoida va Tolibon safida Amerika askarlariga qarshi olishgan. Uning yetakchisi Hasan Mahsum 2003-yilda Pokiston g’arbidagi reydlar paytida o’lgan.

Singapurlik siyosatshunos Roxan Gunaratna Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatini u paytlarda baquvvat tizim edi, deya tasvirlaydi.

“Hasan Mahsumni 2003-yilda Pokistonda o’ldirishgan. Bu haqda Xitoy xabardor qilindi. DNK ma’lumoti asosida marhum, haqiqatan, Hasan Mahsum ekani tasdiqlandi”, - deydi u.

Roxan Gunaratna fikricha, harakat safida odamlar hozir avvalgidek ko’p emas, lekin ta’sir kuchi bor:

“Bugun ular 2 ming kishiga yetmaydi va mustaqil ravishda harakat qilishga ojiz, shu bois al-Qoida va Islomiy Jihod Ittifoqi bilan ishlashni ma’qul ko’radi”.

2008-yili Pekindagi Yozgi Olimpiya o’yinlari paytida Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati Shinjonda sodir etilgan xurujlar, Shanxay va Yunnan shaharlarida avtobus portlashlari uning ishi ekanini aytib, xalqaro hamjamiyat diqqat-e’tiborini jalb qilgan edi.

O’shanda guruh internet orqali tarqatilgan videomurojaatida xurujlar davom etadi, biologik qurol qo’llaymiz, deb ommani vahimaga solgan edi.

Terrorizm xavfi yuzasidan izlangan olimlarning aytishicha, Amerika bu harakat haqida Guantanamo qamog’ida saqlangan uyg’ur mahbuslardan xabar topgan.
Terrorizm xavfi yuzasidan izlangan olimlarning aytishicha, Amerika bu harakat haqida Guantanamo qamog’ida saqlangan uyg’ur mahbuslardan xabar topgan.

Amerika Savdo vazirligi 2009-yilda guruhning amaldagi rahbari Abdul Haqni “vahshiy terrorchi” deb nomladi. U 2008-yilgi Olimpiya o’yinlarida qo’poruvchilik xurujlari rejalab, xalqaro hamjamiyatni parokanda qilmoqchi bo’lgan; 2007-yilda Yaqin Sharqqa vakil yuborib, mablag’ va portlovchi moslamalar xarid qilgan, deyiladi vazirlik bayonotida.

Tahlilchilar Todd Rid va Diana Rashke o’z kitobida Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatini Olimpiya o’yinlaridan oldingi ayrim xurujlarga aloqador deb ko’radi.

Bu taxminlar harakat haqiqatan biror narsaga qodirmi, hatto bormi o’zi, degan savol tug’diradi. AQSh Davlat departamenti izohicha, uyushmaning salohiyati mavhum.

Antropologiya bo’yicha professor, Gavayi Universiteti olimi Dru Gladniy Shinjon va uyg’urlar haqida izlangan:

“Bu xabarlarni mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas. Taxmin shuki, Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati ortida aslida mayda to’dalar, mustaqil ravishda harakat qilayotgan odamlar bo’lishi mumkin. Demak, Xitoyda uyushgan holda ishlovchi yaxlit guruh yo’q”.

Terrorizm xavfi yuzasidan izlangan olimlarning aytishicha, Amerika bu harakat haqida Guantanamo qamog’ida saqlangan uyg’ur mahbuslardan xabar topgan. Lekin ularning aybi isbotlanmay, ko’pi qo’yib yuborilgan. Professor Gladniy fikricha, bu qaror vaziyatni yanada chigallashtiradi.

“Uyg’urlar Guantanamodan ozod etilgani Amerika ularni terrorchi deb ko’rmasligidan dalolat”, - deydi olim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG