Breaking News

Eron Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini kuchaytirmoqda


Dushanbeda Afg’oniston, Eron va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari uchrashib, fors tilli davlatlar iqtisodiy ittifoqini tuzish haqida gaplashgan.

Eron Islom Respublikasi, deydi sharhlovchilar, mintaqaga nisbatan siyosatini jadallashtirmoqda.

Tahlilchilar fikricha Markaziy Osiyoda Eron omili doimo bo’lgan. Sobiq ittifoq parchalangach mintaqada geosiyosiy manfaatlar uchun kurashayotgan davlatlar qatoridan Eron ham o’rin olgan.

Fors tilli davlatlar iqtisodiy ittifoqini tuzish harakati ko’proq Eron manfaatlari uchun xizmat qilishi ta’kidlanmoqda. “Birlik” partiyasi faoli Po’lat Oxun nazarida bu boradagi muhokamalarning Tojikistonda o’tayotgani bu mamlakatdagi iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bog’liq.

“Markaziy Osiyo qanchalik tushkunlikka tushsa, Eron ta’siri shunchalik kuchayishni boshlaydi. Tojikiston misolida ham iqtisodiy ahvol og’irlashib, inqiroz kuchayganidan kelib chiqadi. Bundan foydalangan Eron o’z tasirini o’tkazmoqda, sekin-asta mintaqaga kirib kelmoqchi. Bu ittifoqning Afg’oniston nuqtai-nazaridan ham keljagi yo’q. Tojikistonda asosiy aholi Badaxshondan tashqari sunniylardan iborat. Eronda esa shialar. Faqat til birligi chuqurroq hamkorlikka olib bormasa kerak”, - deydi Po’lat Oxun.

Afg’oniston, Eron va Tojikiston orasida ittifoqchilik iqtisodiy aloqalarni nazarda tutayotgani aytiladi. Biroq ittifoq tuzilgan taqdirda ham Eronga nisbatan dunyo hamjamiyatidagi mavjud munosabat bois, uning istiqboli mavhum.

Po’lat Oxun so’zlariga ko’ra Eron fors tilli davlatlar ittifoqini mintaqagi siyosatini faollashtiruvchi vosita deb biladi.

“Tarixga qaraydigan bo’lsak, Mirzo Bobur Eron yordami bilan Samarqandni olgan. Bu Eronning Markaziy Osiyo davlatlari ichki ishiga faol aralashganidan darak beradi. Maqsad, albatta, o’z mahzabidagi diniy tarafdorlarni ko’paytirish. Islom inqilobidan keyin u yerdagi rahbarlarni asosiy maqsadi o’zlari diniy qadriyat deb bilgan narsalarni qo’shni davlatlarga o’tkazish bo’lib qolmoqda”, - deydi Oxun.

Eron Tashqi ishlar vaziri Manuchehr Mo’ttakining aytishicha Eron Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) a’zo bo’lish uchun rasman ariza bergan. Eronni hozircha tashkilot a’zolaridan faqat Tojikiston qo’llab-quvvatlayotgani ma’lum.

Fors tilli davlatlar ittifoqini tuzish tashabbusi shunchaki geosiyosiy o’yin bo’lishi mumkin. Siyosatshunos Farxod Tolipov:

“Forsiy zabon davlatlarda ham siyosiy deklaratsiyalar bildirish imkoniyati, qandaydir geosiyosiy potensial borligini ko’rsatib qo’yish uchun bo’layotgandir. ShHT masalasida esa - tashkilotni hozirgi tarkibini o’zida chigal muammolar yetarli. Boshqa bir davlatni a’zolikka qabul qilishga tayyor emas”.

Tojikiston mintaqaning ajralmas bir qismi, deydi Farxod Tolipov. Integratsiyalashuvda bu omil e’tiborga olinishi kerak.

“Tojikiston fors tilli davlat sifatida albatta bunday birlashmaga kirishga haqli, biroq shu bilan birga Tojikiston 90-yillardan boshlab Markaziy Osiyodagi integratsiyaga qanday darajada bo’lmasin aralashib kelayapti. Shu bois Markaziy Osiyo integratsiya loyihasi undanda dolzarbroq - qanchalik Tojikiston turkiy tilli davlat emas desak ham”, - deydi Tolipov.

Dushanbedagi uchrashuvdan so’ng fors tilli davlatlar iqtisodiy ittifoqi Afg’oniston, Eron va Tojikiston prezidentlari doirasida muhokama qilinadi.

XS
SM
MD
LG