Breaking News

Jorj Bush Ukrainada


Ruminiya poytaxti Buxarestda NATO sammitida ishtirok etish uchun Yevropaga yo’l olar ekan, prezident Bush Kiyevda to’xtab o’tdi. Ikki tomonlama munosabatlardan tashqari Bush va Viktor Yushchenko Ukrainaning NATOga a’zo bo’lish imkoniyatlari va bu borada AQSh pozitsiyasini muhokama qilgan.

Jorj Bush Ukraina va Gruziyani NATO a’zosi sifatida ko’rmoqchi. Bundan ham ushbu davlatlar, ham NATO naf ko’radi, deydi Bush.

"Mening Ukrainaga tashrifim niyatim jiddiyligidan dalolatdir. Ukrainaning NATOga a’zo bo’lishidan Qo’shma Shtatlar ham manfaatdor."

Biroq NATOning Rossiya chegarasi tomon kengayish ehtimoli Kremlni tashvishga solmoqda. Bu Yevropa xavfsizligi uchun tahdiddir, deydi rasmiy Moskva.

Prezident Bushning aytishicha, Rossiya bu masala bo’yicha veto vakolatiga ega emas. Ayrim mutaxassislar fikricha Bush Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasiga Rossiya roziligini olish uchun NATOni kengaytirmaslik haqida Vladimir Putin bilan kelishib olgan. Bush buni inkor etmoqda.

"Bu noto’g’ri tushuncha. Ukraina va Gruziya NATOga a’zo bo’lishi kerak," deydi Bush.

Germaniya bu ikki davlat hozircha a’zolikka tayyor emas demoqda.

Ukraina prezidenti Viktor Yushchenko Buxarest sammitidan umidi katta ekanini aytgan.
"Davlatimiz manfaatlari yo’lida to’g’ri ish tutyapmiz, deb ishonaman," deydi u.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Grigoriy Karasinning aytishicha, Ukrainaning NATOga kirishi ikki tomonlama munosabatlarni sovuqlashtiradi. Ayni damda Rossiya Dumasi kelasi yili muddati tugaydigan Rossiya-Ukraina do’stlik bitimi kelajagi bo’yicha munozara qilmoqda.

XS
SM
MD
LG