Breaking News

Vashingtonda Axborot muzeyi ochildi


11 aprel kuni AQSh poytaxti Vashingtonda Newseum deb nomlangan yangi muzey ochildi. “Axborot muzeyi” deb ta’riflanadigan bu maskanda jahon va AQSh jurnalistikasi tarixi, ushbu kasb mohiyati, ommaviy axborot vositalaridagi texnologik yutuqlarga doir eksponat va ma’lumotlar to’plangan. Muzeyda o’z professional faoliyatini ado etayotib halok bo’lgan jurnalistlarga bag’ishlangan xotira burchagi ham ochilgan.

Qurilishi 450 million dollarga tushgan muzeyning devoriga yirik harflar bilan AQSh konstitutsiyasining so’z va matbuot erkinligi haqidagi mashhur bandi bitilgan. Muzeydagi har bir eksponat, uning har bir burchagi so’z va matbuot erkinligining naqadar muhim ekanini eslatib turadi.

Yetti qavatdan iborat Uning devorlarida jahonning yuzlab gazetalaridan nusxalar har kuni yangilanib turadi.

Muzeyda jahon xaritasi bo'lib, unda davlatlar uch xil rangga bo'yalgan. So’z va matbuot erkinligi yo’q mamlakatlar qizil rangga, inson huquqlari ta’minlangan davlatlar yashil rangga, qolganlari esa, ya’ni har ikki toifa o’rtasida turgan mamlakatlar sariq rangga bo’yalgan.

AQShdagi taniqli jurnalist Bob Vudrafning aytishicha, muzey mamlakatlarni matbuot erkinligiga da’vat etuvchi ramziy vazifaga ham ega.

“Bu yerga qancha ko’p odam tashrif buyursa, haqiqat yo’lida o’z jonini fido qilgan insonlar xotirlansa, sariq va qizil rangdagi davlatlar yashil rangga bo’yaladi degan umiddaman.”

Bob Vudraf o’z kasbi yo’lida jon bergan jurnalistlarni xotirlash marosimida nutq so’zladi. Newseumda ular uchun xotira burchagi ochildi. 1837 yildan 2008 yilga qadar halok bo’lgan 1,900 ga yaqin muxbirning nomlari maxsus lavhaga bitilgan.

Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasiga ko’ra, besh yil burun Iroqda urush boshlanganidan beri bu mamlakatda jami 127 muxbir halok bo’lgan.

“Vashington Post” gazetasi muxbiri Maykl Kelli Iroqda halok bo’lgan ilk amerikalik jurnalistdir. 2003 yili amerikalik askarlar hamrohligida Bag’dod ko’chalaridan ketayotib, snayper o’qidan o’lgan.

Newseumdagi marosimga kelgan Tom Kelli o’g’lini xotirlaydi.

“O’g’lim 46 yoshda olamdan o’tganiga qaramay, uning hayoti 100 ga kirgan ayrim odamlarnikidan mazmunliroq bo’ldi.”

Fotomuxbir Richard Krolak o’tgan yili Finiks shahrida halok bo’lgan. U o’tirgan vertolyot boshqa vertolyot bilan to’qnashib, jami to’rt jurnalist o’lgan edi. Krolakning 14 yoshli o’g’li Kolton “dadam har kuni tushimga kiradi” deydi.

“Mana shunday xotira burchagi ochilganidan faxrlanaman. Shuncha jurnalistlarning yodga olinishini katta savob ish deb hisoblayman.”

Newseumda nomlari bitilgan marhum muxbirlar orasida Amerika ovozining Qirg’izistondagi muxbiri Alisher Soipov ham bor.

Alisher o’tgan yil 24 oktyabrida noma’lum kishilar tomonidan O’sh shahrida otib ketilgan edi. Uning qotillari hamon topilmagan.

Marosimda qatnasha olmagan Alisherning oilasi nomidan Vashingtonga uning do’sti va sinfdoshi Elmurod Qosimov keldi.

Uning aytishicha, Alisher dovyurak va shijoatli jurnalist edi.

Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasiga ko’ra, Qirg’iziston rasmiylari Alisher Soipovning o’ldirilgani yuzasidan tergovni to’xtatgan. Qotillikda gumon qilinganlarning shaxsini aniqlash imkoni yo’qligi sabab qilib ko’rsatilmoqda. Vaholanki, bir necha oy burun Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligi jinoyatchilar shaxsi aniqlangani haqida ma’lum qilgan edi.

Shu bilan ushbu ish bo’yicha tergov ikkinchi bor to’xtatildi. Yanvar oyi oxirida vazirlik tergov uchun ajratilgan bir oy vaqt natija bermaganini sabab qilib ko’rsatgan.

XS
SM
MD
LG