Breaking News

AQSh bosh diplomati Toshkentda faol va rasmiylar bilan uchrashgan


AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini, xususan Amerika-O’zbekiston munosabatlari uchun mas’ul Richard Boucher Toshkentda qator rasmiylar va huquq faollari bilan muloqot qilgan.

AQSh diplomati bilan so’zlashgan faollar fikricha Vashington O’zbekistonda inson huquqlari e’zozlanishi va erkinliklar poymol etilmasligi uchun dadilroq pozitsiya bilan chiqishi lozim. Demokratiya targ’ibotini kuchaytirishi, shuningdek, hukumat bilan faqat harbiy yoki iqtisodiy foyda yo’lida emas, xalq manfaatlari borasida ham muzokara olib borishi kerak.

Mintaqadagi siyosiy o’zgarishlarni nazarda tutib, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va demokratiyaga undash maqsadida Markaziy Osiyoga borgan AQSh bosh diplomati esa Islom Karimov rahbariyati bilan o’tgan yillarda ancha sovuqlashgan aloqalar bugun asta sekin iliqlashmoqda deydi.

Lekin Vashington nazarida O’zbekiston demokratiya va inson huquqlari hamda siyosiy islohatlar borasidagi sust harakat qilmoqda.

"Birlik" xalq harakati vakili va "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati rahbari Vasila Inoyatova Boucher bilan uch kishi qisqacha suhbat qildi deydi.

"Ikki yil oldin Boucher bilan ellikka yaqin huquq faoli va nohukumat tashkilotlari vakillari uchrashgan edi",- deya eslaydi Inoyatova.

Vasila Inoyatova fikricha aloqalar yaxshilanishidan ham AQSh, ham O’zbekiston birdek manfaat ko'radi. Lekin demokratik kamchiliklarga diqqatni oshirish zarur.

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning ta’kidlashicha, AQSh rasmiylari O’zbekistondagi siyosiy vaziyat murakkab ekanini yaxshi biladi, ammo barcha muammolarga qaramasdan Islom Karimov rahbariyati bilan aloqalarni yaxshilashga intilmoqda.

"AQShning O'zbekistonga munosabatini quvvatlay olmayman, negaki bu davlat o'z muloqotlarida inson huquqlarini yuqori darajaga qo'ymayapti",- deydi Ikromov. Uning fikricha huquq eng asosiy masala sifatida ko'rilmas ekan, taraqqiyot bo'lmaydi.

XS
SM
MD
LG