Breaking News

Dunyoda qochqinlar soni ko'paymoqda


AQShda muhojirlar masalasi bilan shug’ullanadigan qo’mitaga ko’ra, o’tgan bir yil ichida qochqinlar soni jahonda 14 millionga oshgan.

O’zga yurtda qo’nim topishga harakat qilayotgan bu insonlar nojoiz muomala, loqaydlik va e’tiborsizlik bilan yuzlashmoqda.

Ayniqsa, Iroqdan bosh olib ketgan insonlar ko’p.
Hozir bu raqam 2 yarim milliondan ziyod, aksariyat iroqliklar Iordaniya va Suriyadan boshpana topgan. Biroq qonunga ko’ra, bu qochqinlarning ishlashga haqqi yo’q.

AQSh Qochqinlar va Muhojirlar Qo’mitasi raisasi Laviniya Limon so’zlariga ko’ra, Iroqda malakali mutaxassislarning 40 foizi mamlakatni tark etgan.

“O’qituvchi, vrach va muhandislar… Bu insonlar Suriya va Iordaniya xalqi bilan madaniyat, din va til jihatdan mushtarak. Agar ularning ishlashiga ijozat berilsa, iqtisodiyot foyda ko’rar edi. Vaholanki, bugun iroqlik qochqinlar noqonuniy mehnat bilan band”,- deydi Maviniya Limon.

AQSh senatori Ben Kardinning aytishicha 9 million aholilik Shvetsiya o’tgan yili 18 ming iroqlik qoshqinni qabul qilgan. 300 million aholi yashaydigan Qo’shma Shtatlar esa 2003 yildan beri atigi 5 ming iroqlikka panoh bergan. “AQSh boshlagan urush tufayli tinchini yo’qotgan bu insonlarga yordam berish niyatimiz bormi o’zi”,- deb so’raydi senator Ben Kardin.

Amerika bu yil 12 ming qochqinni qaramog’iga olishni rejalamoqda. “Hujjatlarni to’g’rilash jarayonini tezlashtirishga harakat qilayapmiz”,- deydi rasmiylar.

Shimoliy koreyalik muhojirlarni haydab chiqargan Xitoy, o’zbekistonlik qochqinlarni vataniga qaytargan Rossiya, minglab birmaliklardan yuz o’girgan Tailand singari davlatlar boshpanasiz xorijliklarga qo’pol munosabatda bo’layotgan mamlakatlar deb tanqid qilinmoqda.

AQSh Qochqinlar va Muhojirlar Qo’mitasi inson huquqlari hurmat qilinsin, zo’ravonlik va xavfdan jon saqlab kelgan insonlarni qabul qilib, ularga yordam berilsin deya undamoqda. Buning xarajati og’ir albatta, deya tan oladi tashkilot.

Shu bois ham xalqaro hamjamiyat bu mashaqqatni birgalikda yengishga harakat qilishi kerak deydi qo’mita rasmiylari.

XS
SM
MD
LG