Breaking News

Isroil AQShni Eronga qarshi kuch ishlatishga undamoqda


Eron va G'arb mamlakatlari o'rtasidagi qarama-qarshilik bugun eng chigal masalalardan biri bo'lib qolyapti. Tehron yaqinda unga taklif etilgan iqtisodiy yordamni rad etib, uran boyitishni davom ettirishga qaror qildi. Bunga javoban, Yevropa Ittifoqi, AQSh qistovi ostida, Eronga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirgan. Masalani hal etish uchun kuch qo'llash takliflari ham yo'q emas.

Bush ma'muriyati faqat diplomatiyaga tayanamiz deya qayta-qayta takrorlasa-da, so'nggi paytlarda harbiy chora masala yechimi sifatida yana tilga olina boshlandi.

Yaqinda Isroil keng ko'lamli harbiy mashg'ulotlar o'tkazgan. AQSh va Isroilning ismi oshkor etilmagan rasmiylari fikricha Isroil Erondagi yadro inshootlarni yo'q qilishni mashq qilgan.

"Isroilning toqati toq bo'ldi",- deydi tahlilchi Ken Katzman. Uning aytishicha Eron G'arb davlatlarining tahdidlaridan cho'chimasligi borasida bayonotlar berishda davom etar ekan, Isroil "masalani tez orada hal qilmasa bo'lmaydi" qabilida ish tutmoqda. "Harbiy mashg'ulotlar o'tkazib, AQShni tezkor chora ko'rishga da'vat etyapti",- deydi Katzman.

Lekin Isroil, mutaxassislar ta'biricha, AQSh hamkorligisiz Eronga hujum qila olmaydi.

Sobiq razvedkachi Veyn Vaytning aytishicha, Isroil jangovar samolyotlarining uzoq masofaga ucha olish salohiyati cheklangan. "Eronning yadroviy inshootlarini harbiy yo'l bilan ishdan chiqarish uchun AQSh yordamidan foydalanishga to'g'ri keladi",- deydi u.

Operatsiya amalga oshgan taqdirda, Isroil samolyotlariga ehtimol Iroq osmonida, parvoz chog'ida yonilg'i quyiladi. Bu hudud hamon AQSh nazorati ostida ekan, operatsiya Vashington ishtirokisiz o'tishini tasavvur qilish qiyin, deydi mutaxassislar.

Vashingtonda joylashgan Yaqin Sharq Instituti yaqinda "So'nggi chora" nomli izlanish chop etdi. Unda Eronga ehtimoliy havo hujumi strategiyasi va oqibatlari tahlil qilingan.

Izlanish muallifi Maykl Eyzenstad Eronga qarshi urush ochilsa, uzoqqa cho'ziladi deya xulosa qiladi. "Chunki mamlakat yadro inshootlari turli jadval va tartib asosida ishlaydi. Eron ham jiddiy javob choralarini ko'rishga qodir mamlakat",- deydi u.

Sobiq razvedkachi Veyn Vayt deydi-ki, ehtimoliy operatsiya 2 minggacha parvozni o'z ichiga olishi mumkin. "Birinchi navbatda Eronning Fors ko'rfazidagi havo va dengiz kuchlari, harbiy ob'yektlari nishonga olinadi. Shuni unutmaslik kerakki, Eron zarba ketidan inshootlarini tiklashga ham kirishishi mumkin".

Tahlilchilar nazarida Eron yadro qurolini tarqatmaslik to'g'risidagi bitimni rad etib, ochiqchasiga yadro qurolini ishlab chiqarish uchun xuddi shunday bir hujumni kutib turgan bo'lsa ajabmas.

Hujumga javoban Tehron Iroq va Afg'onistondagi harbiy harakatlarini faollashtirishga urinishi mumkin. Diniy rahnamosi Oyatulla Xomenei, shuningdek, dunyo bo'ylab AQSh manfaatlariga zarba berilishini ta'kidlagan.

XS
SM
MD
LG