Breaking News

Tahlilchilar: O'zbekistonda korrupsiya - tirikchilik


O’zbekiston Oliy Majlisi BMTning korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha xalqaro konvensiyasiga qo’shilish haqidagi qonunni ma’qullagan.

Konvensiyaga qo’shilish, deya bildiradi Oliy Majlis matbuot xizmati, sud va huquq tizimi va davlat xizmatini takomillashtirish va investitsiya muhitini yaxshilash uchun xizmat qiladi.

Sharhlovchilar nazarida esa xalqaro hujjatni yoqlash bilan O’zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash boshlandi deya olmaymiz. Chunki, deydi ular, mamlakatda korrupsiya ildiziga bolta uruvchi vositalar – matbuot va nohukumat tashkilotlar juda zaif.

Ommaviy axborot vositalari siyosiy bosim ostida faoliyat yuritadi. Mamlakatda hukumatni yoqlagan tashkilotlargina ishlay oladi.

O'zbekistonda korrupsiya ildiz otmagan sohani topish qiyin. Korrupsiya tirikchilikning bir qismi va aholi turmush tarziga singib bo'lgan.

Mutaxassislar davlat boshqaruvining o'zi korrupsiyaga asoslangan deydi.

"Korrupsiya hukumatning umurtqa pog'onasi hisoblanadi, ya'ni har bir lavozimga tayinlash uchun pora olish... Bularni yo'qotadigan bo'lsa, tuzumning o'zi ham yo'qoladi. Ratifikatsiya qilingan qonun hech narsani bildirmaydi. Tepadagi rahbarlarda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun siyosiy irodaning o'zi yo'q. Bitta buyruq bilan bu boradagi milliy qonunni qabul qilish mumkin edi. Ratifikatsiya qilingani bilan bu milliy qonun bo'lmasa, u qanday amalga oshadi ", - deydi sharhlovchi Toshpo'lat Yo'ldoshev.

Bundan sal avval Oliy Majlis odam savdosiga qarshi kurash bo'yicha qonun loyihasini muhokama qilgan edi. Bu borada qabul qilingan qonunlar samarasi ham shubha ostida.

Tahlilchilar nazarida Toshkentda keyingi paytda bir qator xalqaro konvensiyalarning ratifikatsiya qilinishi asosan xalqaro hamjamiyat ko'zi uchun, xo'jako'rsinga qilinayotgan harakatlardir.

Toshpo'lat Yo'ldoshev fikricha bu qonunlar ijrosi uchun zarur mexanizmlar - ijro vositalari mavjud emas.

"Butun siyosat o'zgartirilganidan keyingina ijro mexanizmi bo'ladi. Qonunlar ijrosi jamoatchilik va matbuotga borib taqaladi. O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun zarracha ham sharoit yo'q", - deydi sharhlovchi.

Keyingi paytda viloyat va tuman miqyosida bir necha hokim ishdan olindi. Ularning ayrimlari korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib sudga tortilgan.

"Hokimlar yoki boshqa yuqori amaldorlarga nisbatan jinoiy ishlar qo'zgatilishi muntazam davom etishi kerak. Mamlakatda yulg'ich amaldorlarning soni juda ko'p. Bu narsaning vaqti-vaqti bilan qilinishi qonun tanlov asosida ishlayapti degan xulosaga olib keladi. Hukumat doirasidagi korrupsiya hech kimga sir emas. Buni yuqori lavozimdagilarning o'zi ham biladi. Shuning uchun ratifikatsiya qilishdan boshqa imkoniyat ham qolmagan bo'lsa kerak", - deydi tahlilchi Abdusalom Ergashev.

Sharhlovchilarga ko`ra mamlakatdagi iqtisodiy muhitga ishonch kam. Oliy Majlis ratifikatsiya bilan respublikaga chet eldan sarmoya kela boshlaydi deb umid qilayotgan bo'lishi mumkin, ammo qonun hozircha faqat qog'ozda. Shu paytgacha ma'qullangan o'nlab xalqaro hujjatlar qatorida chang bosib yotibdi.

XS
SM
MD
LG