Breaking News

Bush Afg'onistonga qo'shimcha askar jo'natishga va'da bermoqda


Prezident Bush Afg’onistondagi AQSh qo’shini uchun iyun oyi “og’ir keldi” demoqda. Biroq bu talofatlar oxir o’qibat o’zini oqlaydi deydi Bush.

NATOning Yevropadagi Bosh qo’mondoni general Jon Kreddok fikricha, Afg’onistondagi askarlar qo’shimcha harbiy uskuna-yordamga muhtoj.

Bundan tashqari, alyansga a’zo davlatlar harbiylarning xizmat maydoniga doir cheklovlarni bekor qilsin deydi general.

AQSh admirali Mayk Mullen nazarida Afg’onistondagi koalitsiya askarlari soni yetarli emas, ular Tolibonga bas kelmasligi mumkin. Prezident Bush joriy yil oxirigacha Afg’onistonga qo’shimcha harbiy jo’natishga va’da bermoqda.

Bushning aytishicha, o’tgan oy Afg’onistondagi koalitsiya qo’shini uchun mashaqqatli davr bo’ldi. Biroq Tolibon safida ham talofatlar kam emas.

Vashington boshqa davlatlarni ham jangda faolroq qatnashishga chaqirib keladi. Fransiya va Buyuk Britaniya bu da’vatlarga ko’nib, Afg’onistonga ko’proq askar safarbar etishga so’z bermoqda.

Hozir mamlakatda 32 ming amerikalik askar bor. Bush 2009 yilda qo’shimcha zobit jo’nataman demoqda. Bir qismi shu yilning o’zidayoq Afg’onistonga yo’l oladi.

AQSh admirali Mayk Mullen so’zlariga ko’ra, Tolibondan tozalangan hududni himoya qilish uchun askarlar yetmayapti. NATO davlatlari yuborgan qo’shin ko’p hollarda xavfli hududlarga yo’lamaydi. Amerika zudlik bilan qo’shimcha askar jo’natishi kerak deydi u.

Admiralning aytishicha, Iroqda ijobiy o’zgarishlar bor, yil oxirigacha u yerni epaqaga keltirgach, bor e’tiborni Afg’onistonga qaratish mumkin.

O’tgan hafta Pokiston hukumati Afg’oniston bilan chegarada Tolibonga qarshi yirik operatsiya boshladi. AQSh admirali bu qarordan mamnunmiz deydi.

XS
SM
MD
LG