Breaking News

Bush Afg'oniston va Pokistonni adovatni unutishga da'vat etmoqda


Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay fikricha, uning mamlakatida ro’y berayotgan qonli xurujlar ortida Pokiston razvedka xodimlari turibdi.

Rasmiy Islomobod mazkur da’voni inkor etmoqda.

Prezident Jorj Bush nazarida Pokiston va Afg’oniston har qanday adovatni chetga surib, terrorizmga qarshi birgalikda jang qilishi lozim.

Prezident Bush Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning arzini tinglab, shunday dedi:

"AQSh puxta tergov o’tkazib, ayblov qanchalik asosli ekanini aniqlaydi. Shunisi ayonki, terrorchilar Pokiston-Afg’oniston chegarasida o’rnashib olib, harakat qilmoqda”, - deydi Bush.

“Bundan ham Qo’shma Shtatlar, ham Afg’oniston, ham Pokiston azob tortmoqda. Dushmanimiz bir, biroq bo’sh kelayotganimiz yo’q”,- deydi AQSh rahbari.

“Al-Qoidaning ta’zirini berganimiz aniq, jumladan, Pokistonda ham”,- deya mulohaza yuritadi Bush.

AQSh prezidenti shu oy oxirida Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy bilan muzokara qiladi.

Iroqda ahvol nisbatan yaxshilanar ekan, asosiy diqqat hozir Afg’onistondagi mushkul vaziyatga qaratilishi mumkin.

Koalitsiya qo’shini joriy yil Afg’onistonga qo’shimcha askar jo’natishga va’da bergan. Qo’shma Shtatlar ham o’z kuchlari sonini oshiradi. Hozir Afg’onistonda 60 ming xorijlik zobit jang qilayotgan bo’lsa, ularning 32 mingi amerikalik.

XS
SM
MD
LG