Breaking News

Xitoy 16 politsiyachi o'limida uyg'urlarni ayblamoqda


Xitoyning Shinxua axborot agentligi xabarlariga ko’ra, Shinjon uyg’ur muxtoriyatida politsiyachilarga hujum uyushtirilib, 16 nafari o’ldirilgan.

Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qilayotgan Xitoy rasmiylarining aytishicha Shinjondagi musulmon terrorchilar xavfsizlikka jiddiy tahdiddir.

Voqea bugun 4 avgust tongda, Qashg’arda ro’y bergan. Bir necha shaxs axlat mashinasida politsiya uchastkasiga kirib, qo’lbola bombalar uloqtirgan. 14 politsiyachi voqea joyida, yana 2 nafari kasalxonaga olib ketilayotganda jon bergan.

Xurujda Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati a’zolarining qo’li bor, deb yozadi Xitoyning Shinxua axborot agentligi. Sal avval Pekin rasmiylari uyg’ur mustaqilligini talab qilib kelayotgan bu guruhni Olimpiya o’yinlari davomida qo’poruvchilik xurujlari rejalayotganlikda ayblagan edi.

Xitoy Olimpiya qo’mitasi so’zlovchisi San Veyde “musobaqalarda xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha chora ishga solinadi” demoqda.

Xitoy politsiyasiga ko’ra, yil boshidan beri Shinjon uyg’ur muxtoriyatida qator terrorchi guruhlar fosh etilib, 80 kishi hibsga olingan. Ular katta shaharlarda xurujlar uyushtirish, chet ellik sportchi va jurnalistlarni o’g’irlashni rejalagan, deydi tergovchilar.

Yaqinda Turkiston Islomiy Partiyasi nomli guruh mazkur yili Xitoyda qator portlashlar uyushtirganini tan olgan edi. Xitoy hukumati bu da’volarni rad etmoqda. Tahlilchilar fikricha Olimpiya o’yinlari oldidan e’tibor qozonishga urinayotgan guruhlar ko’p, biroq terror xurujlari ehtimolini rad etib bo’lmaydi.

Rasmiy Pekin uyg’urlarga nisbatan keskin siyosatini terrorizmga bog’laydi. Jangarilar bizning davlatga qarshi hujumlar qilmoqda, deydi Xitoy rasmiylari. Inson huquqlari tashkilotlari fikricha esa Xitoy terrorizmni bahona qilib, Shinjon aholisini ezmoqda.

AQSh prezidenti Jorj Bush Olimpiya o’yinlarining ochilish marosimida ishtirok etish qarorida qat’iy. “AQSh Olimpiya jamoasini qo’llab-quvvatlash uchun boraman”, - deydi Bush.

Tashrif davomida AQSh rahbari Xitoydagi huquq ahvoli yuzasidan xavotirlarini bayon qilishini aytgan. Ayrim qonunchilar hamda prezidentlikka nomzodlar o’yinlarni boykot qilishga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG