Breaking News

Rossiya AQShga: Yo biz bilan hamkorlik, yo "demokratik proyekt"


Rossiya AQShga qarata "yo biz bilan hamkorlikni tanlang yo Gruziyani” deya shart qo’yar ekan, Amerika ommasi Kremlni ayyorlikda va so’zida turmaganlikda ayblamoqda.

"Nyu-York Tayms" (The New York Times) gazetasi “Medvedev o’zi hokimiyatni boshqaryaptimi yoki Gruziyaning demokratik tuzumini ag’darish uchun vaqtni ataylab cho’zyaptimi”? - degan savolni o’rtaga tashlamoqda.

Bush ma’muriyati Rossiyaning “asl rahbari” Vladimir Putin tomonidan tuzilgan reja amaliyoti Kreml uchun siyosiy-iqtisodiy talofat keltirishini aniqroq tushuntirishi kerak, deya qayd etadi "Nyu-York Tayms" va "Vashington Tayms" (The Washington Times) gazetalari.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nazarida Gruziyaning amaldagi hukumati AQShning “demokratik” loyihasi. Amerika vaziyatga xolis yondashib, quvvatlagan loyihasi ish bermayotganini, Mixail Saakashvili layoqatsiz rahbar ekanini tan olsin, deydi u. Kreml Janubiy Osetiyada urush aynan Gruziya aybi bilan boshlandi deya ta’kidlashda davom etmoqda.

“Bizga qo’shni mintaqa aholisi, u yerdagi rossiyaliklar hayoti xavf ostida ekan, chora ko’rishga va tartib o’rnatishga majbur bo’ldik. Harbiylarimiz u yerda qolishining sababi shuki, Gruziya armiyasi Janubiy Osetiyani vayron qilgan. Biz esa aholiga yordam berayapmiz”,- deydi Lavrov.

Rossiya pozitsiyasi shuki, G’arbda demokratik lider deya ko’klarga ko’tarilayotgan Saakashvili Janubiy Osetiya va u kabi Gruziyadan mustaqillik talab qilayotgan Abxaziya bilan til topisha olmaydi va u hokimiyatda ekan, mintaqa - urush maydoni bo’lib qolaveradi.

G’arb nazarida esa Rossiya - aggressor.

AQSh prezidenti Jorj Bush Rossiyani Gruziya va balki butun mintaqani egallab olishga urinayotganlikda ayblamoqda. “Rossiya urushni to’xtatishga va’da bergan. Sulhga amal qilsin”,- deydi Bush.

Biroq Oq Uy Amerika matbuotida sustkashlikda va Rossiyaga nisbatan keskinroq choralar ko’rmayotganlikda ayblanmoqda.

Vashington Post gazetasi bugungi sonida “Amerikaning tashqi siyosati demokratiya targ’ibotiga asoslangani haqida jar soladi-yu, ammo mittigina demokratik davlat qo’shni tajovuzkor tomonidan bosib olinishini kuzatib o’tiribdi”, - deya Bushni Kremlga qarshi tura olmayotganlikda tanqid qiladi.

Gruziya rahbari bugun Vashington Post gazetasida chop etilgan maqolasida Rossiyani dunyoda erkinlik va demokratiyaga rahna solayotgan qonxo’r derjava deb tasvirlab, Janubiy Osetiyaga G’arb tinchlikparvar kuchlari kiritilishi kerak deya taklif qilmoqda.

“Gruziya”, - deydi u “bo’lginchi hududlar bilan muzokara qilishga urinayotgan edi. Rossiyaning bunga aralashishga haqqi yo’q. Biz hech kimni o’qqa tutmadik. Rossiya yoppasiga hujumlar boshlagach, biz xalqni himoya qilishga harakat qildik”,- deydi Saakashvili. Rossiya esa Gruziyani osetinlarni va Rossiya fuqarolarini qirishga uringanlikda ayblamoqda.

G’arb Saakashvili tomonida ekanini bildirgan, ammo Gruziya rahbari fikricha buning o’zi yetarli emas.

"Biz bosib olinganmiz. Biz g’arbcha demokratiya va erkinlik yo’lini tanlab, Rossiya nafratiga uchradik. Nahotki unga qarshi endi bir o’zimiz kurashishga majburmiz? G’arb bizni va shu tariqa o’zini bu dushmandan himoya qilishi kerak”,- deya undaydi Saakashvili.

Kavkazdagi kelishmovchiliklarni yaqindan o’rgangan siyosatshunos Ariel Koen fikricha Rossiya o’z ta’sir maydonini kengaytirish uchun agressiv harakatlar boshlagan va u Gruziya bilan cheklanib qolmaydi.

"Rossiya, XIX asrda qanday yo’l tutgan bo’lsa, shuni qilmoqchi, ya’ni harbiy qudratini namoyon qilib. Sobiq Sovet Ittifoqiga kirgan barcha davlatlarni o’ziga bo’ysundirish, Kremlning yaqin va uzoq muddatdagi asosiy maqsadlaridan biri”,- deydi tahlilchi.

O’zini iqtisodiy jihatdan ancha tiklab olgan Rossiya o’z xavfsizligini ta’minlash uchun atrofidagi davlatlar kim bilan qanday aloqa yuritayotgani, orzu-istak va tanlagan yo'lini yaqindan kuzatib, o’z manfaatlari yo’lida ish tutmoqda deydi ayrim siyosatdonlar.

NATO Ukraina va Gruziyani kelajakda a’zolikka olish niyatida ekanini bildirarkan, Rossiya harbiy alyansning uning chegarasiga bu qadar yaqinlashishini istamaydi. Buning ustiga AQSh Polsha va Chexiyada mudofaa tizimlari o’rnatish maqsadida.

Siyosiy fanlar doktori Rut Vejvud nazarida Rossiya G’arbga iqtisodiy va siyosiy chegaralar qayerda bo’lishini ko’rsatib qo’ymoqchi, ya’ni ulardan o’tish qimmatga tushadi deyapti.

Sobiq prezident Bill Klintonga tashqi siyosatdan maslahat bergan Charlz Kupchan esa o’zaro manfaatlar, ya’ni ham G’arb, ham Rossiya uchun birdek muhim masalalar haqida gapiradi.

Eronning atom quroliga ega bo’lish ehtimoli, Afg’onistondagi notinchliklar, Iroq va butun Yaqin Sharqdagi mojarolar… Bularning hammasi ham AQSh, ham Yevropa, ham o’zini alohida bir dunyo deb biluvchi Rossiyaga birdek xavf soladi”, - deydi Kupchan.

Siyosatdon fikricha Rossiya yuqoridagi muammolarga G’arb boshidagi g’alvalar deb qarasa, katta xato qiladi. Rossiya bugun neft va gaz hisobiga boyib qolgan bo’lishi mumkin, ammo yakkahokimlikka asoslangan davlat ekan, siyosiy va ijtimoiy jihatdan hali ancha zaif, parchalanish ehtimoli yuqori, deya tahlil qiladi u.

Gruziya- Rossiya urushi dunyo bo’ylab keng siyosiy bahs va tortishuvlarga sabab bo’lmoqda. Kreml va Tbilisi orasida axborot urushi ham avjida. Har ikki tomon jahon matbuoti, televideniye va radiolarida o’z pozitsiyasi va dardini tushuntirish bilan ovora. Faqat bir tomonni tinglagan kishi, albatta, vaziyat bilan bafurja tanisha olmaydi.

XS
SM
MD
LG