O’tgan hafta imzolangan bitimga muvofuq, Rossiya qo’shini Gruziyani tark eta boshlagan.
Rus tanklari Gori shahridan chiqib ketar ekan, Rossiyaning NATOdagi elchisi Dmitriy Rogozin jarayon bir necha kun davom etishi mumkin demoqda.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining 20 nafar
harbiy kuzatuvchisi Janubiy Osetiyaga boradi.
Kreml bunga qarshi emas, Gruziya esa hali javob bermagan. Rossiya va Gruziya urush paytida qo’lga tushgan asirlarni ayirboshlamoqda.
5 rossiyalik va 15 gruzin askari haqida gap ketmoqda.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernard Kushner nazarida Rossiya qo’shini Gruziyadan ketishga shoshilmayapti.
“Kreml harbiylar ana chiqadi, mana chiqadi deyish bilan band”, - deydi Fransiya diplomati. Rus askarlari bugunoq ketishi lozim, rasmiy Parijning talabi shu. Imzolangan bitim shunchaki qog’oz emas, undagi majburiyat bajarilishi kerak, deydi Fransiya tashqi ishlar vaziri.
Bugun Bryusselda NATO favqulodda yig’ilish o’tkazar ekan, a’zo davlatlar Gruziya va Rossiyani sulhga amal qilishga chaqirgan.
Rossiya general leytenanti Nikolay Uvarov so’zlariga ko’ra, harbiylar hududdan butunlay ketmaydi, ular orqaga chekinmoqda xolos.
Askarlar mamlakatni tark etdi deganda, Rossiya armiyasining Sharqiy Germaniyadan ketishini misol qilsa bo’ladi. O’shanda ruslar bir ketgancha, qaytib kelmagan. Harbiylarning hududdan chiqishi esa butunlay boshqa masala. Ular chekinadi, lekin shu mintaqada qoladi. Hozir Rossiya zobitlari Janubiy Osetiya tomon chekinmoqda, deya tushuntiradi general.
Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning aytishicha, Gruziya o’ylab ish qilishi kerak.
“Kimda kim Rossiya fuqarolari, askarlari yoki tinchlikparvar ofitserlarini o’ldirib, omon qolaman deb o’ylasa, qattiq adashadi. Bu ish yana takrorlansa, dushmanni yanchib tashlaymiz”, - deydi Rossiya prezidenti.
Ayrim xabarlarga ko’ra, Moskva Janubiy Osetiyaga qisqa masofaga uchuvchi raketalarni jo’natgan. Rossiya buni inkor etmoqda.
Oq Uy rasmiysi Gordon Jondro, urush paytida hududga kirgan qurol-aslaha, qanday kelgan bo’lsa, xuddi shunday olib chiqilishi kerak deydi. Sulh shartlaridan biri shu.
Gruziyaning AQShdagi elchisi Vasil Sixarulidze nazarida
dunyo xalqlari, erkin davlatlar sulh ijrosini kuzatishi va har bir bandga amal
qilinishini talab qilishi zarur.