O'zbekistonda Gruziya-Rossiya o'rtasidagi mojaroga munosabat asosan Rossiya ommaviy axborot vositalari orqali berilgan ma'lumotlarga asoslanib shakllangan.
Ularda Gruziya genotsidda ayblanadi, Rossiya esa xaloskor sifatida tasvirlanadi. Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Hyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) xulosasiga ko'ra Rossiya harbiy harakatlarda qurbon bo'lganlar haqida noto'g'ri ma'lumot tarqatmoqda.
O'zbekistonda Rossiyaning o'ndan ziyod televizion kanallari kabel tarmog'i orqali translyatsiya qilinadi. Rossiya-Gruziya urushining yoritilishi o'zbekistonliklarning ham diqqat-e'tiborida bo'ldi. Rossiya hozirgacha Gruziyani Janubiy Osetiya xalqini qirishga uringanlikda ayblab keladi.
Rasmiy Toshkent Rossiya-Gruziya o'rtasidagi urush yuzasidan munosabat bildirmagan, biroq Janubiy Osetiyaga insonparvarlik yordami ko'rsatdi.
Harbiy majoro o'zbek muxolifati va ayrim mustaqil nodavlat tashkilotlar tomonidan muhokama qilingan.
Bu muhokamalarda Rossiya Gruziya yaxlitligiga tajovuz qilishda va kuch ishlatishda ayblanadi. Nodavlat tashkilotlardan biri, "Qiynoqlarga qarshi tezkor guruh" bu borada bayonot ham chiqardi. Unda o'zbekistonliklarning majoro haqidagi tasavvuri uni bir tomonlama yoritayotgan Rossiya televideniyelari orqali shakllanayotgani afsus bilan ta'kidlanadi.
O'zbekistonliklardan biri Rossiya-Gruziya urushi haqida shunday mulohaza bildiradi:
"Rossiya to'g'ri qilyapti. Gruziya nima qiladi Osetiyaga tazyiq o'tkazib? Mustaqil bo'lsa, mustaqil bo'lib chiqib ketaversin, nima qiladi tazyiq qilib?"
"Tezkor guruh" nodavlat tashkiloti vakillaridan biri Suhrob Ismoilovga ko'ra aholini asosiy qismi Rossiya televideniyesi ta'siriga tushib qolgan.
"Shundan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, aholini ko'pchilik qismida, Rossiya televideniyesida ko'rsatilayotgani kabi, Rossiya o'z millatdoshlarini himoya qilayotgan xaloskor sifatidagi fikr hukmron. Bu Rossiya propagandasining O'zbekistondagi asosiy ta'sir omillaridan biri", - deydi Ismoilov.
O'zbekistonda keng namoyish etiladigan "Vremya" dasturi Gruziya prezidentini shubhasiz jinoyatda ayblaydi, uning sudga tortilishi muqarrar deya ogohlantiradi.
Hozirgacha Rossiya televideniyesi Gruziya harbiylari harakati tufayli Janubiy Osetiyada 1600 ga yaqin kishi halok bo'lganini ta'kidlab kelayotgan edi. Vaziyatni o'rgangan Hyuman Rayts Votch tashkiloti o'z tekshiruvlariga tayanib ma'lumot berishicha esa, qurbonlar soni bir nech o'n kishini tashkil qilishi mumkin, minglab kishi o'lgani haqida rasmiy ma'lumotlar tarqatilyotgani esa mas'uliyatsizlikdir.
Rossiya rasmiylariga ko'ra Janubiy Osetiyadagi harbiy majoroda aniqlashtirilgan qurbonlar soni 133 kishini tashkil etadi. Gruziya esa urush tufayli 215 fuqarosidan ayrilganini bildirgan.
Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov fikricha Rossiya bayonotlari va haqiqiy vaziyat o'rtasida farq katta.
"Masalan men vitse-prem'yer [Sergey] Ivanovni gaplarini eshitdim. Rossiya qo'shinlari Gruziyaga kirmagani haqida gapirdi, birozdan keyin esa Goridagi Rossiya qo'shinlari chiqayotgani ko'rsatildi. Ularga qanday ishonish mumkin? Bo qo'poruvchilik, eski Chorizm davrida boshlangan, birovni yerini tortib olishdan boshqa narsa emas", - deydi sharhlovchi.
Hyuman Rayts Votch tashkiloti tinch aholining o'limida majoradagi har ikki tomonni ayblaydi. Griziyada ham, Janubiy Osetiyada ham fuqarolar turar joyi, maishiy binolar nishonga olingani, vayron qilingani ta'kidlanadi.