Breaking News

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Eronga "yo'q" deyishi mumkin


Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) Tojikistonda kutilayotgan sammitida yangi a`zolar qabul qilish masalasi muhokama qilinadi. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Eronni tashkilotga qo'shishni yoqlab, bayonot bergan.

Biroq siyosiy sharhlovchilar nazarida Eronni Shanxay Hamkorligiga qabul qilish ehtimoldan yiroq. Bu mintaqadagi boshqa davlatlar manfaatlariga to'g'ri kelmasligi, siyosiy vaziyatni murakkablashtirishi mumkin.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a`zo davlat rahbarlari 28 avgust kuni Dushanbeda yig'ilishadi. Sammitda Afg'onistondagi vaziyat, tashkilot doirasidagi hamkorlik masalalari ham ko'riladi.

Rossiya, Xitoy, Tojikiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va O'zbekistondan iborat tashkilotda Hindiston, Pokiston, Eron va Mo'g'uliston kuzatuvchilik maqomiga ega.

Sharhlovchilarga ko'ra asosan iqtisodiy maqsadlar bilan tuzilgan tashkilot hozirga kelib Xitoy va Rossiya yetakchiligidagi siyosiy blokka aylana boshlagan.

Tahlilchi Farxod Tolipov fikricha sammitda Eron masalasi hal etilmaydi, etilsa ham Tehron uchun ijobiy yangilik bo'lmaydi.

"Shu paytgacha ShHT a'zolari NATO bilan hamkorlik haqida gapirib kelgan. Bu hamkorlik esa Eronga qarshi AQSh va G'arb tomonidan o'tkazilayotgan bosimga nisbatan muvozanat yaratishi mumkin. Eron AQShga qarshi keskin munosabati bilan ajralib turadi. ShHTning G'arb bilan aloqalarini bunchalik keskin deb bo'lmaydi", - deydi Tolipov.

Tolipov nazarida Janubiy Osetiya voqealari, Gruziyaning Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligidan chiqishi va uning NATOga kirish harakati mintaqa davlatlari manfaatiga mos kelmaydi.

"Tashkilot yetakchisi Xitoy bu yerda Rossiya pozitsiyasining ustun qo'yilishidan manfaatdor emas. O`zbekiston ham AQSh bilan munosabatlarini tiklamoqda. NATO bilan ham uzoq muddatli hamkorlik haqida gap ketmoqda", - deydi Tolipov.

Hozirda tashkilot doirasida faqat Tojikiston Eronning a'zolikka kirishi haqida ochiq fikr bildirmoqda xolos.

Sharhlovchi Komron Aliyev tahlilicha Tojikiston bundan Eron bilan o'zaro aloqalarini mustahkamlash uchun foydalanmoqchi.

"Tojikistonda Eronga qo`shilish kerak, u bilan federativ davlat tuzish kerak degan gaplar bor. Lekin baribir Rossiya, AQSh va Isroil ta'siri sabab rasmiy Dushanbe va Tehron munosabatlari u darajada yaqin emas. Lekin Eron Tojikistonga iqtisodiy va boshqa sohalarda yordam ko'rsatib kelmoqda",- deydi Aliyev.

ShHT nizomiga ko'ra yangi a'zo olinishini tizimdagi barcha davlatlar qo'llab-quvvatlashi kerak.

Rossiya va G'arb aloqalari ancha taranglashgan bir paytda o'tadigan sammitdaRossiya favqulodda bayonotlar bilan chiqishi mumkin.

XS
SM
MD
LG