Breaking News

Yevropa davlatlari Rossiya yuzasidan bir fikrda emas


Yevropa Ittifoqi Gruziyaga o'z kuzatuvchi guruhini yo'llamoqchi. Bugun Bryusselda bu borada favqulodda yig'ilish o'tmoqda.

"27 a'zoli Yevropa Ittifoqi Rossiya-Gruziya mojarosiga qanday javob berishi kerak?

Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyani mustaqil deb tan olgani uchun unga qarshi qanday chora qo'llagan ma'qul?" kabi savollar muhokamada.

Britaniya nazarida Yevropa Rossiya bilan hamkorlikni cheklashi va keskin talablar qo'yishi lozim. Fransiya va Germaniya esa Kreml bilan til topishish uchun diplomatik harakatlarni kuchaytirish kerak demoqda. Italiya ham shunday fikrda. Rossiya yakkalashdan foyda yo'q deydi bu tomon.

Yevropaning ko'p davlatlari Rossiya gaziga tayanar ekan, Moskvaga bosim o'tkazish vositalari cheklangan. Gruziyaning bo'lginchi mintaqalari Rossiya tomonidan mustaqil deb tan olingani G'arb dunyosining kuchli noroziligiga sabab bo'lgan. Buning ustiga Rossiya qo'shinini Gruziyadan butunlay olib chiqishga shoshmayapti.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernar Kushner Rossiyaga qarshi ehtimoliy sanksiyalarni tilga olgan edi. Biroq bu fikrdan voz kechildi.

"Rossiya masalasiga kelganda Yevropa Ittifoqida umumiy, yagona bir pozitsiya yo'q. Chunki ittifoq a'zolari Rossiya bilan ikki-tomonlama kelishuvlar asosida ish yuritadi", - deydi londonlik tahlilchi Bobo Lou.

Shunday ekan, ayrimlar nazarida Yevropa yonilg'i ehtiyojlarini qondirish uchun yangi loyihalar ishlab chiqishi, Rossiyaga tobelikdan qutulishi lozim.

"Rossiyaga aniq tushuntirish kerak, ya'ni urush nog'orasini chalib hozirgi siyosatini davom ettirsa xalqaro sahnada tobora yakkalanadi. Kreml kuchli ittifoqchilarga muhtoj", - deydi Bobo Lou.

Yaqinda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Dushanbeda o'tgan sammiti Rossiya kutgan natijani bermadi. Tashkilotga Rossiya qatorida Xitoy, Qozog'izton, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston a'zo.

Sammit bayonotida "Rossiyaning Kavkazdagi tinchlikparvarlik missiyasini qo'llab-quvvatlaymiz" deyilgan, biroq davlatlarning hech biri Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olgani yo'q.
XS
SM
MD
LG