Breaking News

Kongress va Oq Uy iqtisodiy yordam haqida turlicha fikrda


Prezident Jorj Bushning aytishicha, Kongress moliyaviy vaziyatni o’nglash naqadar muhim ekanini tushunadi va qarshiliklarga qaramay 700 milliard dollarlik yordam loyihasini ma’qullaydi.

Bush xalqqa murojaat qilarkan, “Amerika xavfli burilish yoqasida. Biroq hukumat qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q,” - dedi.

“Iqtisodiy tanglikdan chiqish yo’llarini qidirayapmiz,” - deydi Bush.

AQShdagi bir necha yirik investitsion kompaniyalar kasodga uchragan.

“Gap faqat bu kompaniyalarni qutqarishda emas,” - deydi qonunchilar.

Chora ko’rilmasa, Amerika kredit tizimi vayron bo’lishi mumkin. Ya’ni aholi ta’lim yoki mulk xarid qilish uchun bankdan kredit-qarz ololmaydi. Vaholanki, Qo’shma Shtatlarda har bir oila bankdan olingan qarz hisobiga yashaydi, o’qiydi, mashina yoki uy sotib oladi.

Senatning Bank masalalari bo’yicha Qo’mitasi vakili Richard Shelbi “fikrlar har xil, muhokama davom etmoqda,” deydi.

Bushning taklifini yoqlamayotganlar orasida uning partiyasi vakillari, ya’ni respublikachilar juda ko’p. Ular nazarida besh qo’lini og’izga tiqib, ta’zirini yegan xususiy kompaniyalar qutqarishga arzimaydi. Inqiroz ularning xatolari bilan ro’y berdi va yechimni ham ular topsin deydi ayrim qonunchilar. Boshqalar nazarida esa Amerika iqtisodiyotining asosi mustahkam va bozor o’zini-o’zi o’nglab oladi.

Qo’mita raisi, senator Kris Doddning aytishicha esa gap xalq farovonligi va oddiy mehnatkashlar daromadi ustida ketmoqda. Uzoq tortishib o’tirishga vaqt yo’q; qonunchilar rejaning asosiy bandlari yuzasidan kelishib olgan, deydi senator Dodd.

Muhokamada AQSh prezidentligiga nomzodlar, demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn faol ishtirok etmoqda. Har ikki senator kecha Oq Uyda prezident Bush bilan bir davrada o’tirib, o’z fikr-mulohazalarini bildirgan.

Kongress moliya bozoriga qanday yordam berish haqida o’ylanar ekan, qimmatbaho qog’ozlar savdosi biroz jadallashgan. Amerikada kattaligi jihatdan oltinchi o’rinda turgan “Washington Mutual” banki bankrotlik yoqasiga kelgach, uni “J.P. Morgan” investitsiya kompaniyasi qaryib ikki milliard dollarga sotib olgan.

AQShdagi iqtisodiy tanglik jahon bozoriga salbiy ta’sir o’tkazmoqda. Yevropa va Osiyo aksiyalar bozori sust.

XS
SM
MD
LG