Breaking News

AQSh: Saylov oldidan qonunchilar xalqni norozi qilmoqchi emas


AQShda prezidentlikka nomzodlar Jon Makkeyn va Barak Obama Oq uyga saylansa, avvalo mamlakat iqtisodini tiklashga so'z bermoqda.

Siyosatdonlar nazarida esa bu oson bo'lmaydi. Inqiroz bilan yuzlashayotgan iqtisodni qayta mustahkamlab olish uchun yillar kerak bo'ladi, deydi ular.

AQShning yirik banklari hukumat yordamiga muhtoj ekan, ko'mak darhol ko'rsatilmasa, butun iqtisodiyot jar yoqasiga keladi deya ogohlantirmoqda.

Kongress a’zolari moliyaviy inqirozga qarshi nima qilish kerakligi haqida bir fikrda emas. Favqulodda chora ko’rilmas ekan, mamlakat banklari birin-ketin bankrotga uchrashi mumkin. Takliflar bir dunyo, ammo saylov oldidan qonunchilar xalqni norozi qilmoqchi emas.

Kongressning bugungi hatti-harakati yaqinlashayotgan saylov bilan bog’liq, deydi professor Robert Dann. Fuqarolar “moliya tizimini sarmoyachi-bankirlarning nafsi barbod qilgan bo’lsa-yu, hukumat nega ularga yordam berishi kerak” deb so’raydi.

“Saylovga bir oydan kam vaqt qoldi. Respublikachilar sarosimada, chunki xalqni qiynayotgan iqtisodiy tanazzulda ularni ayblashmoqda. Tabiiyki, aybning bir qismini boshqaga to’nkash harakatlari kuzatilyapti”, - deydi Robert Dann.

Oddiy amerikaliklar bugun amaldagi prezidentdan, ham qonunchilardan g’azabda. Iqtisodiy Siyosat Instituti vitse-prezidenti Ross Ayzenbrey deydiki, “har ikki partiya a’zolari xalq manfaatini o’ylamayapti” degan fikr hukmron.

“Reja cho’ntagi baquvvat sarmoyachi bankirlarni qutqarishga qaratilgan. Uyidan ayrilayotgan fuqarolar-chi, ular nima qilsin”?

Fuqarolar saylov kuni o’ch olishga tayyor turibdi, deydi Robert Dann. Odamlar hukumat taklif etgan reja ish bermasligi mumkin deya xavotirda.

“Birinchidan, bank boshqaruvchilari olayotgan kompensatsiyani kamaytirish kerak. Odatda ular ishdan ketganda o’zi bilan millionlab dollar olib ketadi. Ikkinchidan, uy qarzini qaytara olmayotgan amerikaliklar millionlarni tashkil etadi. Ular alohida yordamga muhtoj”.

Kreditga olingan uy uchun vaqtida to’lab borilmasa, uy bank qo’liga o’tib, sotuvga qo’yiladi. Lekin xaridorning o’zi, deb so’raydi ayrim qonunchilar,

kredit olayotganda, qaytara olamanmi deb nega o’ylamagan? Demak, nafaqat banklar, balki xaridorning o’zi ham aybdor, deydi Ross Ayzenbrey.

“Millionlab kishi ana shunday ahvolga tushib qolgan. Bank xaridorni, xaridor banklarni ayblaydi. Iste’molchi osongina berilgan kreditga yo’q deya olmagan. Lekin bankrot va kredit bozoridagi ag’dar-to’ntar oxir-oqibat iqtisodiyotga og’ir tushyapti. Gap bozorda tartib o’rnatishda”.

Xullas, xaridor qaytara olmagan qarzlar bank tizimini ichdan yemirmoqda. Bu qarzni hukumat vaqtincha o’z boyniga olmoqchi. Maqsad iqtisodiyotni, kredit bozorini qayta jonlashtirish.

Professor Danning tushuntirishicha, hukumat 700 milliard dollarni bir necha qismga bo’lib, moliya bozoriga kiritadi. “Bu juda katta mablag’-ku” deb so’rayotganlarga javob shuki, hozirda banklarni kapital bilan ta’minlashdan muhimroq vazifa yo’q.

Iqtisodchilarning aytishicha, hukumat qo’liga o’tayotgan ipoteka kreditlarini qaltis sarmoya deb ko’rish kerak. Bozor o’zini tiklab olgach, bu sarmoya uzoq muddatda hukumatga va oxir-oqibat soliq to’lovchilarga foyda keltirishi mumkin. Biroq hozircha bunga hech kim kafolat berolmaydi.

XS
SM
MD
LG