Breaking News

Belarusni Kreml ta'sir doirasidan chiqarish mumkinmi?


G’arb davlatlari nazarida Belarusda o’tgan parlament saylovlari prezident Aleksandr Lukashenko va’da qilganidek “erkin va adolatli” o’tmagan.

Poygada muxolif partiyalardan 78 nomzod ishtirok etgan bo’lsa-da, birortasi ham saylana olmagan.

Saylovga o’z kuzatuvchilarini yuborgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti ovoz berish jarayoni puxta o’tganini, biroq ovozlarni sanashda jiddiy qonunbuzarliklarga yo’l qo’yilganini qayd etgan.

110 a’zoli parlamentdagi o’rinlarning barchasini prezident Lukashenko tarafdorlari qo’lga kiritdi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga ko’ra saylov demokratik talablarga javob bermagan. Belarus rasmiylari va saylov komissiyasi a’zolari esa “xalq muxolifatga ovoz bermasa” bizda nima ayb deya hayron.

Klas Bergman - Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilaridan biri. “Saylov kampaniyasi”, deydi u, “kuchli nazorat ostida o’tdi. Saylovoldi debatlar sust, nomzodlar esa targ’ibot-tashviqot ishlarini demokratik ruhda olib borishi uchun yo’l berilmadi”. Ammo xorijiy kuzatuvchilar saylov uchastklarida yaxshi kutib olingan.

“Muammolar ovoz berish yakunlangach boshlandi”, - deya o’z xulosalari bilan bo’lishadi Klas Bergman. Chunki ovozlarni sanash jarayoni yopiq eshiklar ortida o’tgan. Uning aytishicha saylov uchastkalarining 48 foizida shu hol kuzatilgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining xulosa qilishicha prezident Aleksandr Lukashenko saylovning adolatli o’tishini ta’minlash va’dasi ustidan chiqmadi.

Qo’shma Shtatlar ham bu borada Yevropa tashkiloti bilan hamfikr, biroq rasmiy Minskni avvalgidek o’tkir tanqid qilishga shoshmayapti. Ismini oshkor etishni istamagan AQSh diplomatlariga ko’ra “bu bejiz emas”.

Gruziyadagi voqealarga o’z xavfsizligi nuqtai nazaridan qarayotgan kichik davlatlar qatorida, Belarus ham Kreml yuritayotgan agressiv siyosatdan xavotirda. Siyosatdonlar ta’biricha prezident Lukashenko Rossiyadan uzoqlashib, G’arb bilan til topishish uchun yaqinda siyosiy mahbuslarni qamoqdan ozod etgan.

Belarus azaldan Rossiyaning yaqin ittifoqchisi. Biroq e’tibor bering, deydi kuzatuvchilar, Minsk Kreml bosimiga qaramay Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olgani yo’q.

AQSh rasmiylari Lukashenkoning bu qadamlarini olqishlab, mamlakatda parlament saylovlari adolatli o’tsa Belarusga qo’yilgan iqtisodiy sanksiyalar olib tashlanishini aytgan edi. Saylov, afsuski, xalqaro andozalarga javob bermagan.

Kanadalik tahlilchi Deyvid Marplsning aytishicha, muxolifatchilar kira olmagan parlament, tabiiyki, butunlay prezident irodasiga bo’ysunadi. “Aleksandr Lukashenko hatto bosh vazirni ishdan olish vakolatiga ega. Mamlakat qonunchilik organi uning har bir istagini so’zsiz bajaradi”, - deydi Marpls.

Siyosatdonlar nazarida Kavkazdagi mojaro ketidan AQSh Belarus kabi sobiq Sovet davlatlariga nisbatan siyosatini qayta ko’rib chiqayotgani ayni muddao.

Lekin siyosiy-iqtisodiy jihatdan hamon Rossiyaga tayanuvchi avtoritar hukumatlarni, xususan yonilg’iga muhtoj Belarusni Kreml ta’sir doirasidan chiqarish oson bo’lmaydi. Parlament saylovlari ham Belarus siyosatida biror o’zgarish bo’lmaganini ko’rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG