1 dekabr dushanba kuni, Afg’oniston janubidagi Musa Qala shahrida bir
kishi o’zini portlatib, atrofdagi 10 kishini o’ldirgan. 27 kishi
jarohat olgan.
G’azni shahrida esa qurollangan shaxslar Andar
tumani hokimi Abdul Rahim Desevalni otib tashlagan. Hujumni Tolibon
amalga oshirgani ma’lum.
AQSh prezidenti rafiqasi Lora Bush deydiki
Qo’shma Shtatlar Afg’onistonni yakka tashlab qo’ymaydi.
Amerikada
prezidentlar rafiqasi odatda biror ijtimoiy masalani olg’a suradi, xoh
Amerikaning o’zida bo’lsin, xoh rivojlanayotgan davlatlarda.
Oq
uy bekasi Lora Bush 2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan keyin
Afg’onistonda xotin-qizlar huquqi, ular uchun imkoniyatlar yaratish,
maorif va savodxonlik masalalariga e’tiborni jalb qilib keladi.
So’nggi
7 yil mobaynida Afg’onistonda qiz-juvonlar manfaatini ko’zlovchi qator
dasturlar yo’lga qo’yildi. Ta’lim eng muhim masala, biroq ota-onalar
hamon farzandini maktabga yuborishga qo’rqadi.
Lora Bush
Tolibon ayniqsa o’quvchi qizlarga nisbatan ayovsiz ekani, yaqinda
Qandahor viloyatida maktabga borayotgan bir guruh o’quvchilar yuziga
kislota sepilgani kabi hodisalarni afsus bilan tilga oladi.
"Afg’oniston
xalqining aksariyati farovon mamlakatda, terror xurujlaridan xoli erkin
jamiyatda tinch-osoyishta hayot kechirishni istaydi. Biz ularga tayanch
bo’lishimiz zarur", - deydi Lora Bush.
Afg’onistonning
AQShdagi elchisi Said Javodning aytichiah uning mamlakati xalqaro
hamjamiyatning uzoq muddatli ko’magiga muhtoj.
"Afg’onistonda
oddiy odamlarni himoya bilan ta’minlash uchun ko’proq resurslar zarur.
Zo’ravonlik, qashshoqlik avj olgan hududlar, odatda tolibon o’ljasiga
aylanadi", - deydi elchi.
Hukumat va Toliblar o’rtasida
tinchlik muzokaralari haqida gapirar ekan, maqsad deydi Said Javod,
xunrezlikka chek qo’yish. Uning aytishicha, Karzay hukumati Tolibon
bilan hokimiyatni bo’lishmoqchi emas.