Breaking News

Turkmaniston yangi parlamentga ovoz berdi


Kecha Turkmanistonda parlament saylovlari o'tgan. Unda ilk bor xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etgan. Rasmiy xabarlarga ko'ra saylovchilarning 94 foizi ovoz bergan.

Parlament saylovlari yangi konstitutsiya qabul qilinganidan so'ng o'tkazildi. Unga ko'ra parlamentda deputatlar soni 65 dan 125 gacha oshirilgan va unga qo'shimcha vakolatlar berilgan.

2006 yilda sobiq prezident Saparmurot Niyozov vafot etgach, uning o'rniga kelgan Qurbonguli Berdimuhammedov Niyozovning ko'plab qarorlarini bekor qilib bir qator o'zgarishlar kiritgan.

Shunga qaramay tanqidchilar saylovlarni tomosha deb atamoqda, chunki unda 288 ta nomzod ishtirok etgan. Bu taxminan bir o'ringa ikki kishi degani. Ularning 90 foizi hokimiyatdagi Demokratik partiya a'zolari.

BMT kuzatuvchilaridan tashqari saylovlarni Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligidan ham rasmiylar nazorat etgan.

Turkmanistonning Rossiyadagi elchisi Xolanzar Og'axonovning aytishicha, aholi saylovlarga katta qiziqish bildirdi.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti Turkmanistonni dunyodagi eng repressiv davlatlardan biri deb ta'riflar ekan, mamlakatda so'nggi bir necha oy ichida ijobiy o'zgarishlar ham amalga oshirilganini tan olmoqda.

XS
SM
MD
LG