Breaking News

Rossiya mudofaa tizimi rejasini Obama bilan gaplashmoqchi


AQSh Davlat departamentining qurollarni nazorat qilish bo'yicha rasmiysi Jon Rudning aytishicha, Kreml Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi bo'yicha rejaga qarshiligini kuchaytirmoqda. Mutaxassislarga ko'ra Rossiya bu bilan AQShning bo'lajak prezidenti Barak Obamani sinamoqchi bo'lishi mumkin.

Jon Rud nazarida AQSh tomonidan rasmiy Moskvani bu masala bo'yicha tinchlantirishga qaratilgan harakatlariga Kreml qiziqish bildirmagan. Rossiya Barak Obama prezidentlikka kirishgach rejadan voz kechadi deya umid qilmoqda, deydi rasmiy.

Bush ma'muriyati rejasiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Yevropani Eron kabi radikal davlatlar hujumidan himoya qilish uchun Polshada raketani urib tushiruvchi moslamalarni, Chexiyada esa radar tizimini o'rnatmoqchi. Kreml mudofaa tizimi unga qaratilgan deya norozilik bildirmoqda.

Davlat kotibining qurollarni nazorat qilish va xalqaro xavfsizlik masalalari bo'yicha o'rinbosari Jon Rud shu hafta Moskvada bo'lib, Rossiya xavotirini yumashatish maqsadida uning vakillariga Polsha va Chexiyadagi qurilmalar faoliyatini nazorat qilish imkoni kabi bir necha taklif kiritgan.

Ammo, deydi Rud, rasmiy Moskva takliflarni ko'rib chiqishga shoshilmayapti. Uning nazarida Kreml AQShda hokimiyat almashishini kutmoqda.

"Obama ilgari Bushning bu rejasiga qarshi bo'lgan. Rossiya Obama undan butunlay voz kechadi deya umid qilayotgan bo'lishi mumkin," deydi Jon Rud.

Moskvaga safari chog'ida Rud kelasi yil oxirida muddati tugayotgan Strategik qurollarni qisqartirish bitimini yangilash xususida ham fikr almashgan.

XS
SM
MD
LG