Breaking News

Medvedev: Rossiya mudofaa yo'lida qurol ishlatishga haqli


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning aytishicha, mamlakat o’zini va fuqarolarini himoya qilish uchun harbiy chora ishlatishga haqli.

"Bu masalani Kreml o’zi hal qiladi va hech kimning maslahatiga muhtoj emas",- deydi u.

"Rossiya fuqarolari qayerda bo’lishidan qat’iy nazar hukumat ular uchun mas’ul",- deydi Medvedev.

Prezident yil yakunlari bo’yicha qilgan chiqishida iqtisodiyot, AQSh bilan munosabatlar va Ukraina bilan gaz savdosi xususida ham to’xtalgan.

Dmitriy Medvedevning nutqi Rossiyaning yirik telekanallari orqali to’liq va jonli namoyish etildi. Uning aytishicha, ayrim davlatlar Rossiyani “joyiga o’tqazib qo’yish”ga uringan, biroq bunga muvaffaq bo’lmagan.

Masalan, deydi Medvedev, "NATO – Shimoliy Atlantika harbiy bloki kengayishga, cheksiz bir tuzilmaga aylanishga harakat qilmoqda".

Ukraina va Gruziya harbiy alyansga kirish ilinjida. Bu davlatlarda Rossiya fuqarolari ham yashaydi.

Shu yil avgustida Rossiya “fuqarolarimni himoya qilayapman” deya Gruziyaga harbiy kuchlarini kiritdi va ikki o’rtada urush boshlandi. Medvedevning aytishicha, fuqarolari hayotiga xavf tug’ilsa, Rossiya kelajakda ham bunday qadamlar tashlashdan toymaydi.

"Kreml har qanday chorani ishga solishga tayyor",- deydi Medvedev. "Xalqaro qonunlar, BMT va mintaqaviy tashkilotlarni yordamga chorlaymiz, biroq qurol ko’tarish ham qo’limizdan keladi",- deydi Rossiya prezidenti.

Rossiya Gruziya bilan mojaroda kuch ishlatib, xalqaro hamjamiyat, jumladan, AQSh tandiqiga uchradi. Orada keskinlik vujudga keldi.

AQShda yangi saylangan prezident Barak Obama Rossiya bilan aloqalarga e’tiborni oshirmoqchi. Medvedev AQSh bilan yaqindan, samarali hamkorlikka ishonch bildirgan. So’nggi yillarda aloqalar yomonlashganida Rossiya aybdor emas, deydi prezident.

Medvedevning aytishicha Rossiya Yevropa va boshqa davlatlarni tabiiy gaz bilan ta’minlashda davom etadi. Kreml Ukrainaga gaz ta’minotini to’xtatishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

"Ukraina muammo istamasa, qarzni uzsin",- deydi Rossiya rahbari.

Ukraina Rossiyaga 2 milliard dollar qarz. G’arbni yanada tashvishlantirayotgan tomoni shuki, Yevropaga chiqadigan gazning asosiy qismi Ukrainadan o’tadi.

Medvedev global iqtisodiy tanglik borasida ham gapirgan. Rossiyada ishsizlik darajasi oshgan, biroq odamlarni noqonuniy ravishda bo’shatgan, maosh to’lamagan tashkilotlar jazosini oladi, deydi u.

Hukumat ishi yurishmagan yuzlab kompaniyalarga yordam berishga tayyor, deydi Medvedev. Gap strategik jihatdan muhim, katta shaharlardagi korxonalar haqida ketmoqda. Moliyaviy krizis mamlakatning 700 dan ziyod shahri va shu tariqa aholi hayotiga tahdid solmoqda.

XS
SM
MD
LG