Breaking News

Obama ma'muriyati va O'zbekiston


Barak Obama prezidentlik lavozimiga kirishga taraddud ko'rar ekan, jahon davlatlari AQShning ularga nisbatan siyosati Obama rahbarligida qanday bo'lishi haqida o'ylanmoqda. Yangi ma'muriyat O'zbekiston bilan qanday aloqada bo'ladi? Bush siyosatidan farq qiladimi?

AQShning yangi prezidenti Barak Obama tashqi siyosatida demokratiya qadriyatlarini jahon bo'ylab yoyishda faol harakat qilishi haqida ko'p marta gapirgan, ammo Bush ma'muriyatidan farqli o'laroq Obama bu ishni ko'p qirrali siyosat orqali, diplomatiyani ishga solgan holda, muzokara va hamkorlik yo'li bilan amalga oshirishini ta'kidlagan.

Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti doktoranti, o'shlik Alisher Hamidov ta'biricha, AQShning mintaqaga nisbatan yangi siyosati bo'yicha hamfikrlik yo'q.

Ba'zilar Obama eski siyosatni davom ettiradi desa, boshqalar fikricha, Obama Demokratik partiya vakili bo'lgani bois, inson huquqlari bobida qattiroq siyosat yuritadi va yana ba'zi kuzatuvchilarga ko'ra Obama ma'muriyati AQSh oldidagi turgan qator dolzarb muammolar bilan ovora bo'lib, O'zbekiston bilan hali-beri aloqada bo'lmaydi.

AQShga 1950 yillarda kelgan, ko'p yillar davomida AQSh hukumati idoralarida Markaziy Osiyo bo'yicha tahlilchi bo'lgan, Amerikadagi o'zbeklar jamoasi oqsoqoli, 92 yoshli Ro'zi Nazardek mutaxassis ham AQSh-O'zbekiston aloqalari qanday bo'lishini bashorat qilishga qiynalib, munosabatlar yaxshilanishiga umid bildirdi xolos.

Jamoaning faol a'zolaridan biri Burxon O'qiyon fikricha Obamaning prezident etib saylanishi tashqi siyosatda so'zsiz ijobiy o'zgarishlarga olib keladi.

1990 yillar oxirida ijobiy darajaga chiqqan, 2001 yil 11 sentyabr AQShdagi terror xurujlaridan so'ng keskin yaxshilangan Amerika-O'zbekiston aloqalari 2005 yil 13 mayida Andijonda sodir bo'lgan qonli voqealardan so'ng eng past nuqtaga tushdi. So'nggi uch yildan oshiq vaqt ichida Toshkentga AQShning yuqori lavozimli rasmiylaridan deyarli hech kim tashrif buyurmadi.

1993 yil noyabrida AQShdan siyosiy boshpana olgan O'zbekistonning bu mamlakatdagi ilk elchisi Muhammadbobur Malikov nazarida agar Afg'onistonda vaziyat yomonlashib, Tolibon hokimiyatga qayta kelmasa, O'zbekiston AQShga yaqin kelajakda kerak bo'lmaydi.

Sobiq elchiga ko'ra ayni damda G'arb O'zbekiston bilan emas, balki O'zbekiston G'arb bilan yaqinlashishga harakat qilib, so'nggi paytda Rossiya boshchiligidagi bir necha tuzilmalardan chiqqan yoki ulardagi faoliyatini susaytirgan.

Turkiston-Amerika Uyushmasining raisi, so'nggi prezident saylovlarida O'zbekistonga kuzatuvchi bo'lib borgan Abdulla Xo'janing aytishicha, jamiyat Obama ma'muriyatini O'zbekiston bilan aloqalarni yaxshilashga da'vat etmoqda. Amerikalik o'zbeklarning aksariyati saylovlarda Obamaga ovoz bergan. O'zbekiston bilan tanish Xillari Klintonning davlat kotibi bo'lish ehtimoli ham ikki tomonlama aloqalarning yaxshilanishiga olib keladi, deydi Abdulla Xo'ja.

Aksariyat mutaxassislar fikricha Oq uydagi yangi ma'muriyat kelasi bir necha oy va hattoki dastlabki ikki yil ichida moliyaviy inqiroz, Afg'oniston va Iroqdagi urushlar kabi dolzarb muammolarni hal qilish bilan band bo'lar ekan, O'zbekiston hamkorlik uchun navbatda turishiga to'g'ri keladi.

XS
SM
MD
LG