Breaking News

Prezident inauguratsiyasi  Amerikada qanday o'tadi?


Inauguratsiya – prezident qasamyodi marosimi siyosiy tantana. AQShda rahbarlikka saylangan kishi Kongress oldida qasamyod keltirib Oq Uydagi kursini egallaydi.

Saylovlardan ikki oy o’tgach, yanvarning 20 kunida Oq uyda hukumat almashadi. Yangi kelayotgan rahbar 4 yil davomida xalq xizmatida bo’lishga so’z beradi.

Inauguratsiya marosimi tarixi bundan 220 yil avval, 1789 yilda, AQShning ilk prezidenti Jorj Vashington qasmyod keltirgan kunga borib taqaladi.

Professor Mark Romning tushuntirishicha inauguratsiya Amerika xalqi uchun juda qudratli timsol.

Xalq irodasi va demokratik yo’l bilan saylangan bir prezident muddatini yakunlab, vazifani yangi rahbarga topshiradi.

"Tantana erta tongdan boshlanadi. Yangi saylangan rahbar Oq uyga kelib, vakolati tugayotgan prezident bilan uchrashadi. Keyin ikkalasi qonunchilik organi joylashgan Kapitoliy tomon yo’l oladi",- deydi Rom.

"Ikki prezidentning uchrashuvi bir tomondan timsoliy bo’lsa, ikkinchi tomondan mamlakatda qonun ustuvor ekanini ham anglatadi",- deydi siyosatshunos Ben Ginsberg.

Inauguratsiya kunining yarmiga borib, yangi prezident AQSh Oliy sudyasi guvohligida qasamyod keltiradi.

"Bunda ham ma’joziy ma’no bor. Ya’ni hukumat rahbari mamlakat bosh qomusi – Konstitutsiyaga bo’ysungan holda ish ko’rishi, mamlakatda qonunlar e’zozda ekanidan dalolat",- deydi Ginsberg.

Amerikada prezidentlarning qo’lini Injilga qo’yib qasamyod keltirishi azaliy an’anadir. Biroq buni butunlay nasroniylik bilan bog’lash to’g’ri emas, deydi professor Mark Rom.

"Bu diniy marosim emas. Inauguratsiyada muqaddas kitobning roli shundan iboratki, u xalqimizning e’tiqodli ekanini namoyish etadi. Mamlakatda diniy erkinlik mavjudligini ko’rsatadi. Rahbar injilni ushlab ont ichar ekan, poklik va vijdonan ishlashga so’z beradi",- deydi u.

Qasamyod ketidan prezident sharafi uchun 21 marta o’t ochiladi. Shundan so’ng yangi prezident xalqqa murojaat qiladi.

"Butun dunyo va butun xalq ko’zi prezidentda bo’ladi. Yangi rahbar qanday mavzularni tilga olishi, hayot haqida qanday fikr ekani tabiiyki muhim. Prezident xalqqa umid bera olishi, uni ruhlantira olishi, uning dardini tushunishini isbotlay olishi kerak",- deydi professor Rom.

Kapitoliydagi marosim tugagach muddati bitgan prezident barcha bilan xayrlashadi. Yangisi esa Oq uyga qaytib uning sharafiga uyushtirilgan parad, konsert va ballar mehmoni bo’ladi.

O’yin-kulgi ketidan esa mashaqqatli vazifani o’tash kutiladi.

XS
SM
MD
LG