Breaking News

Turkiya: Energetik hamkorlik evaziga Yevropa Ittifoqiga a'zolik?


Rossiya va Ukraina orasidagi kelishmovchilik sabab yaqinda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar deyarli bir hafta davomida yonilg’isiz qoldi. Mavhumlikdan bezigan mamlakatlar endilikda nigohini Nabukko loyihasi va muqobil tranzit nuqtasi – Turkiyaga qaratmoqda.

Nabukko Rossiyani chetlab o’tishga yordam bersada, uning o’ziga yarasha kamchiliklari bor.

Rossiyaning o’z tabiiy zaxiralaridan siyosiy qurol sifatida foydalanishi, Ukraina bilan mojaro hamda o’tgan yil avgust oyida tranzit nuqtasi hisoblangan Gruziyaga qarshi urush Rossiyani yevropaliklar ko’zida ishonchsiz hamkorga aylantirib qo’ydi. Natijada yonilg’ini Yevropaga yetkazishning muqobil yo’llariga e’tibor oshdi.

Soha mutaxassisi Keyt Xardinning aytishicha, alternativ manbalar va quvurlar haqida o’ylash kerak, chunki ta’minot uchun bir davlatga tayanish xatarli. Yevropa aynan shu bilan shug’ullanmoqda. Jazoir va Liviya kabi mamlakatlar bilan muloqot o’tkazildi. Sharqdan kelayotgan gazni uzatishda Turkiya ham muhim rol o’ynaydi.

Nabukko loyihasiga ko’ra gaz Kaspiy dengizidan Turkiyaga, undan nari esa Bolgariya, Ruminiya va Vengriya orqali Yevropaning boshqa qismiga uzatiladi. Turkiya Energetika vazirligi sobiq rasmiysi Mitxat Mendega ko’ra kelajakda muqobil quvurlarga ehtiyoj yanada kuchayadi.

“Yevropada tabiiy gaz iste’moli 2030 yilga borib 70 foizga ko’payadi. Turkiyaning joylashuvi va imkoniyatlari uni Yevropa uchun qulay hamkorga aylantiradi”, - deydi Mitxat Mende.

Rasmiy Anqara esa bu imkoniyatdan Yevropa Ittifoqiga kirish uchun foydalanmoqchi. Biroq Kiprning grek hukumati Turkiyaning ittifoqqa a’zoligi yo’lida asosiy g’ov bo’lib qolmoqda.

Yaqinda Bryusselga tashrif buyurgan Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’anning aytishicha, agar a’zolik bo’yicha muloqotga bundan keyin ham to’siq qo’yilsa, Turkiya Nabukko loyihasiga munosabatini o’zgartirishga majbur bo’ladi.

Turkiya rahbarining bu so’zlari Yevropadagi ba’zi siyosatchilar tomonidan tanqid ostiga olinib, hatto shantaj deb baholangan.

Ammo Bryusselda asoslangan Mojarolarni o’rganish xalqaro guruhi tahlilchisi Xyu Poup fikricha Yevropa Ittifoqining o’zi Turkiyani turli masalalar va cheklovlar bilan qiynab, ovora qilmoqda. “Shu sabab Yevropa Erdog’an talabidan ajablanmasa ham bo’ladi”, - deydi tahlilchi.

Kuchli tanqid-e’tirozlardan ketidan Erdog’an bir oz yumshab, Turkiya Nabukko quvurining qurib bitkazilishiga to’g’onoq bo’lmaydi degan. Ayrim xabarlarga ko’ra Turkiya tranzit uchun Yevropadan ko’proq haq olish va gazning bir qismini o’ziga olib qolishni ham rejalagan.

Nabukko loyihasi 12 milliard dollarga tushadi. Uning amalga oshishi uchun loyihaning nafaqat ilmiy, texnik, moliyaviy jihatlari bilan yuzlashishga, balki siyosiy murosa qilishga ham to’g’ri keladi.

XS
SM
MD
LG