Breaking News

Latino amerikaliklar: Obama va'dalarini bajaradi


Statistika ma’lumotlariga ko’ra, bugun AQShda lotin amerikaliklar eng katta muhojirlar jamoasi. Ularning Obama ma’muriyatidan umidi katta.

Ular yangi prezident, yangi qarashlari bilan iqtisodiyot, immigratsiya va mamlakat bo’ylab avj olgan boshqa muammolarga yechim topa olishiga ishonadi. AQSh aholisining 15 foizini tashkil qiluvchi lotin amerikaliklar saylovlarda ham muhim rol o’ynab kelmoqda.

AQShda 45 million lotin amerikalik bo’lsa, ularning aksariyati Obamaning prezident ekanidan mamnun.

Rendi Urado Urtil ijtimoiy xizmat markazi xodimi. Latinolar ham, Obama aytganidek, o’zgarish bo’lishini istaydi, deydi u.

"Jamiyatni o’zgartirib, ta’lim olish, iqtisodiyot, sog’liqni saqlash, yo’l harakati xavfsizligi kabi sohalarni yaxshilash kerak" , - deydi janob Urtil.

Lotin amerikalik ishchilar AQSh yengil va og’ir sanoati hamda qishloqxo’jaligining katta qismini egallaydi. Ular mamlakat bo’ylab eng tez ko’payayotgan guruh, yiliga uch foiz.

Obama o’z ma’muriyatiga kelib chiqishi lotin amerikalik bo’lgan bir necha arbobni oldi. Jumladan Tabiiy va madaniy boyliklar vaziri lavozimiga senator Ken Salazar, Mehnat vaziri etib esa qonunchi Xilda Solisni tayinladi. Lotin amerikaliklar bu kam demoqda.

Latino siyosatchilar uyushmasi vakili, jamoatchi faollardan biri Rozalinda Gold bu borada shunday fikrda.

"Obama bundan keyin ham o’z ma’muriyatiga iste’dodli va ishini biladigan lotin amerikalik arboblarni oladi degan umiddamiz. Ular prezidentga munosib maslakdosh bo’lib, mamlakat yuzlanayotgan og’ir iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga yechim topishiga ishonamiz", - deydi u.

Obama barcha uchun og’riqli muammo - immigratsiya va chegara xavfsizligi borasida ham isloxotlarni amalga oshirishga va’da bergan. Meksika chegarasini noqonuniy bosib o’tgan millionlab muhojirlar bugun AQSh iqtisodiyoti gardanida.

Chegara xavfsizligi mustahkamlanib, nazorat kuchaygani sari bu davlatga hujjatsiz kirgan immigrantlar asta deportatsiya qilinmoqda. Buning natijasida oilalar bo’linayotgani ko’p tanqidlarga sabab bo’lmoqda.

Muammolar ko’p, biroq ularni hal etishda muhim omillarni esda tutish lozim, deydi Tomas Rivera nomidagi siyosiy institut rahbari Garri Pachon.

"Ta’lim, iqtisodiyot bilan birga narkomaniya muammosi ham bor. Chegaradan giyohvandchi jinoyatchilar ham katta miqdorda o’tadi", - deydi Pachon.

AQShda lotin amerikaliklar asosan yoshlar. Ularning o’rtacha yoshi 28da. Shunday ekan, ular yangi saylangan yosh prezidentdan ko’p narsani kutmoqda, deydi yosh faol Arturo Ibarra.

"Obama uchun lotin amerikaliklarning deyarli 70 foizi ovoz berdi. Tabiiyki biz prezidentdan adolatli siyosat va qarorlarni kutamiz", - deydi yoshlar yetakchisi.

2050 yilga borib lotin amerikaliklar AQSh aholisining 30 foizini tashkil qilishi mumkin. Shunday ekan, deydi jamoa faollari, prezident tobora o’sib borayotgan bu aholi vakillarining dardiga quloq tutishi lozim.

XS
SM
MD
LG