Breaking News

Obamaning Afg'oniston bo'yicha rejasi ish beradimi?


AQSh prezidenti Barak Obama Afg’onistonni tiklash, tinchlikni mustahkamlash – ustivor vazifa demoqda.

Obama shu yil Afg’onistonga qariyb 30 ming zobit jo’natishga tayyor. Ammo mahalliy kuzatuvchilar fikricha, muammoga faqat kuch bilan yondashish to’g’ri emas.

Sharhlovchilar nazarida Barak Obama nafaqat Afg`oniston, balki islom dunyosi bilan aloqalarni qayta ko'rib chiqish qarori ko’pchilikda umid uyg’otmoqda.

Biroq Afg’onistondagi missiya mushkul.

Barak Obamaning Afg’onistonga doir qarashlari Toshkentda, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev tashrifi chog’ida ham muhokama qilindi.

“AQShning yangi prezidenti janob Obama Afg’oniston muammosiga yangicha yondashar ekan, biz buni qo`llab-quvvatlaymiz. Biroq samara haqida faqat natijaga qarab gapirish mumkin. Afg’oniston masalasida qo’shni davlatlar chetda qarab turolmaydi, chunki bu urush birinchi navbatda ularga taalluqli”, - dedi O’zbekiston prezidenti Islom Karimov.

AQSh harbiy bazasi O’zbekistondan chiqarib yuborilgach, Vashington va Toshkent Afg’oniston bo’yicha hamkorlikni deyarli to’xtatgan.

Siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov so’zlariga ko’ra, mintaqa davlatlari Afg’oniston masalasida faolroq hamkorlik qilishi kerak edi.

“O'zbekiston harbiy hamkorlikka tayyor emas, ammo noharbiy masalada faol ishtirok etishi mumkin. Masalan, o’z hududini operatsiya olib borayotgan kuchlar uchun, gumanitar yordam uchun ochib berdi. O`zbekistonda Germaniya harbiy bazasi bor. AQSh harbiy bazasi bor edi. Hozir bu masala yana ko’tarilayapti. Bundan tashqari O’zbekiston o’qituvchi, shifokor, quruvchilar bilan Afg`onistonni tiklash ishlarida qatnashishi mumkin. Hozir afg`on xalqi orasida NATOga tanqidiy qarash kuchaygan”, - deydi Tolipov.

Biroz avval AQSh Markaziy harbiy qo`mondonligi rahbari general Devid Petreus mintaqa bo’ylab safar qildi, biroq O`zbekistonni chetlab o'tdi.

Tashrifdan maqsad Afg’onistonga yuk o’tkazishda mintaqa imkoniyatlarini baholash, bu borada muzokara yuritish bo`lgan. Pokiston orqali tranzit og’ir. NATO yuklarini Markaziy Osiyo orqali Afg’onistonga yetkazishga e`tibor kuchaygan.

Hozirda NATO yuklarini Termiz-Hayraton temir yo’li, shuningdek, Tojikiston orqali Afg`onistonga o`tkazish imkoniyatlari muhokamada.

Afg`onistonda esa ahvol murakkab. Xalqaro qo`shin amalga oshirgan operatsiyalarda tinch aholi nobud bo’layapti. Bu esa AQSga nisbatan norozilikka turtki bermoqda. Mahalliy hukumat faqat xalqaro qo’shinga tayanar ekan, ma’murlarga qarshi kayfiyat ham kuchli.

“Afg’onistonda hokimiyat fuqarolik organlariga o’tsa, vaziyat mutlaqo o’zgaradi. Aholini jalb qilish kerak. Hozir turli guruhlardan iborat elita paydo bo’lgan. O'zbek, tojik, ismoiliy, shialardan iborat jamoalar. Ularning manfaatlari hisobga olinishi kerak. Har bir guruh ortida minglab odamlar, tashqi kuchlar turibdi. Avvalgi xatolar takrorlanmasligi kerak”, - deydi O’zbekiston Milliy Universiteti o’qituvchisi, siyosatshunos Aziz Tatiboyev.

XS
SM
MD
LG