Breaking News

Afg'onistonda o'zbeklar kim prezident bo'lishini istaydi?


Afg’onistonda prezidentlik uchun amaldagi rahbar Hamid Karzay qatorida sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla va sobiq moliya vaziri va boshqa ko’plab lavozimlarda ishlab kelgan Ashraf G’ani Ahmadzay da’vogarlik qilmoqda. Ulardan tashqari yana 30 dan oshiq nomzod bor.

Bugun 28 million aholi yashovchi Afg’onistonda pushtu elati vakillari ko’pchilikni, 42 foizni tashkil etadi. Karzay va Ashraf G’ani shu millatdan chiqqan.

Tojiklar son jihatdan ikkinchi o’rinda, ya’ni aholining 27 foizi. Uchinchi yirik guruh hazoralar bo’lib, ular 3 milliondan sal oshiq.

Undan keying o’rinni esa o’zbeklar egallaydi, qariyb 3 million. O’zbeklar prezidentlikka aynan bir nomzodni quvvatlayotgani yo’q.

Ko’pchilik Abdul Rashid Do’stumni yetakchi deb biladi. Do’stum Hamid Karzay bilan ishlay olmagan bo’lsa-da, uning prezidentlikka qayta saylanishi tarafdori.

Buning samimiy istak ekanini shubha ostiga olayotgan Nazif Shahroniy, afg’onistonlik o’zbek olimining aytishicha, jamoa ham siyosiy jihatdan ancha bo’lingan.

“Ko’pchilik, nazarimda, Abdulla Abdullani yoqlab chiqmoqda, chunki bu nomzod federal boshqaruv tarafdori. Umuman turkiy elatlar Afg’onistonda shuni istaydi. Karzayni quvvatlayotganlar ham bor, ammo juda oz”.

Nazif Shahroniy fikricha Do’stum G’arb bosimi ostida Karzayga ishonch bildirgan. O’tgan yili o’zbeklar orasidagi ichki janjalda ayblangach, Do’stum armiya qo’mondoni lavozimidan bo’shatilgan edi. Yaqinda bu mansabga qayta tayinlangani haqida ma'lumotlar bor.

Lekin Do'stum hozir Turkiyada. Uning vatanga qaytarilishini talab qilib, u yetakchilik qiladigan Junbushi Milliy Islomiy partiyasi a'zolari Jouzjon va Faryob viloyatlarida namoyishlarga chiqqan.

Abdul Rashid Do’stum o’z qurolli kuchlariga ega boshqa etnik liderlar singari urush jinoyatlarida ayblangan. Inson huquqlari tashkilotlari nazarida Do’stum vahshiy ishlarga ko’z yumgan, hatto ularni uyushtirgan yetakchilardan biri. Afg’on huquq faollari deydiki, Do’stum va boshqa etnik qo’mondonlar Karzayni zaif rahbar ekanini bilgani uchun ham quvvatlab chiqmoqda. Maqsad, deydi ular, hokimiyatda biror ulushga ega bo’lish.

Nazif Shahroniy Do’stumni o’zbeklar tayanadigan yagona arbob deb biladi va uning fikricha, Do'stumning siyosiy qarashlari Karzayniki bilan ko’p jihatdan hamohang emas.

“Karzay o’zbek xalqi ravnaqi uchun o’tgan sakkiz yildan beri hech narsa qilgani yo’q, bundan keyin ham qilmaydi. Unga ray berish o’zimizga zulm qilish degani”,- deydi olim.

Lekin Nazif Shahroniy Afg’onistondagi bugungi ko’rguliklarda pushtu xalqini ayblamaydi.

“U xalq ham bugungi tuzum ostida ezilib yashamoqda”,- deydi u. "Afsuski bugun siyosiy sahnada vijdonli odamlarning o’zi yo’q”.

“Hozirgi sharoitda Afg’onistonda insofli, har tomonlama talabga javob beradigan arbobni topish qiyin. Afg’onistonda butun kuch va hokimiyat 50-100 oila qo’lida. Ularning hammasi ham pushtu emas. Bir-biri bilan til biriktirgan turli kelib chiqishga ega odamlar. Siyosat ham, tijorat ham, tinchlik va notinchlik ham ularning qo’lida. Xavfsizlik kuchlari ham ularning nazorati ostida”.

Agar, deydi o’zbek olimi, bugungi hukumat tinchlik uchun haqiqatda ter to’kkanida bugunga kelib mamlakat ancha barqarorlashgan bo’lar edi. "Tinchlikning yo’lida korrupsiya turibdi", deydi Nazif Shahroniy. U Amerikani bu muammoga jiddiy qaramayotganlikda tanqid qiladi.

AQSh senatori Jon Kerri esa bu ayblovlarni rad etib, Vashingtonning butun diqqati bugun Afg’onistonda, tinchlikka asosiy to’siq bu Tolibon va unga moliya olib kelayotgan qoradori savdosi, deydi.

“Afg’on xalqi Tolibondek radikal, aqidaparast, beshafqat to’da nazorati ostida yashashni istamaydi. Buni bilamiz. Tolibonni yengish uzoq vaqt olishi mumkin, ammo biz albatta ustun kelamiz. Tolibon orasida uning mafkurasiga ishonmaydigan, bu harakatga pul deb qo’shilgan odamlar ko’p. Biz ularni murosa qilishga chaqiryapmiz. Afg’on hukumati agar mana shu toliblarni o’z tomoniga og’dira olsa, vaziyat yengillashar edi”,- deydi Jon Kerri.

Nazif Shahroniy esa Tolibon bilan muzokara qilib, Vashington va Karzay hukumati aynan nimaga erishmoqchi ekanini tushunmaydi.

“Tolibon bilan muzokara qilamiz deb bong urishmoqda, ammo ularga nimani taklif qilishmoqchi? Hokimiyatdan ularga joy berishadimi? 4-5 vazirlikni ularga berishadimi? Bunday qilish bilan ish bitmaydi axir”.

Senator Jon Kerry Afg’onistonda kim prezidentlikka saylanishidan qat’iy nazar uni murakkab masalalar kutayotganini aytadi.

“Muammo ko'p, lekin eng muhimi, tinchlik”,- deydi Jon Kerri.

Uning fikricha ham afg’on boshqaruv tizimini isloh qilish kerak. Mamlakat xavfsizlik kuchlari malakasini oshirish, afyun yetishtirish va qoradori sanoatini yo’q qilish, elatlararo birdamlikni ta’minlash, mahalliy hokimiyatlar aholi xizmatida bo’lishi uchun shart-sharoit yaratish va eng asosiysi, qonun ustuvorligiga erishish lozim.

"Bu uzoq vaqt olishi tabiiy",- deydi senator Jon Kerri, “Ammo Amerika xalqi ham, millionlab afg’onlar singari layoqatli rahbarlarga umid bog’lagan”.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG