Breaking News

Texaslik milliarder muqobil energiyani targ'ib qilmoqda


Obama ma’muriyati AQShning energetika siyosatini qaytadan ko’rib chiqayotgan bir paytda, texaslik milliarder Tomas Bun Pikkens muqobil energiya targ’ibotiga zo’r bermoqda.

AQSh xorij neftiga bo’lgan tobelikdan qutilib, tabiiy gaz va shamol energiyasidan foydalanishga o’tishi kerak, deydi Pikkens. Biroq hamma ham uning fikriga qo’shilmayapti.

Tomas Bun Pikkens o’z yonidan 50 million dollar sarflab muqobil energiyadan foydalanishni reklama qilmoqda.

Pikkens fikrini milliondan ziyod kishi quvvatlab chiqqaniga qaramay siyosatchilar uni ma'qullashga shoshayotgani yo’q.

Milliarder nazarida xorij neftiga tobelik va energiya taqchilligi kelajak dushmani.

"Aniq rejamiz yo’q. Oldin ham bo’lmagan, bor deya barchani laqillatib yurganmiz. Lekin muammo yechimi bor. Yoshlar uni topishga yordam berishi lozim", - deydi u.

Avtomobillarimiz tabiiy gazda yursin, elektr energiyasini esa shamoldan olaylik, deydi Pikkens.

O’tgan yilda benzin narxi ko’tarilgan bir davrda, Pikkens fikrlari oltinga teng deya baholangan edi. Hozir esa narxlar ancha tushgan va siyosatchilar nazarida endi bu mavzu dolzarbligini yo’qotgan.

"Mana shunday yondashuv energetika sohasini oqsoq qilib qo’ygan. Muammo borligida hamma qayg’uradi; narxlar baland deb jar soladi, biroq benzin arzonlashgach bu mavzu bilan hech kimning ishi yoq, yopib qo'ya qolishadi", - deydi Pikkens.

Arzonchilik uzoqqa cho’zilmaydi deydi neft magnati. Keyingi yil so’nggiga borib qora oltinga talab oshgan sari narxlar ham ko’tariladi. Shunga vaqtni bekor sarflamaslik lozim.

Biroq Pikkensning rejasi ham mukammal emas, kamchiliklari bor, deydi Xyuston Energetika Tadqiqoti Instituti olimi Robert Bredli.

"Birinchidan, shamol energiyasidan elektr quvvati olish texnologiyasi juda qimmat. Ikkinchidan, olingan energiya aholiga qanday ta’minlanadi? Bu hali hal etilmagan. G’oya yaxshi, lekin reja mukammal emas", - deydi Bredli .

Shuningdek deydi Bredli transport vositalarini gazda yurishga moshlashtirish ham katta mablag’ talab qiladi.

"Gazda yuradigan avtomobillar odatda 6-10 ming dollargacha qimmat bo’ladi. Odamlarda shuncha ortiqcha pul bormikan?"

Biroq Pikkensni tanqid qilayotganlar ham uning fidoiyligiga tasanno aytmoqda. Yangi bir sanoatga asos solish mushkul, odamlarning diqqatini energiya masalasidan chigal muammga qarata olish ham, deydi energetika sohasi bo’yicha tadqiqotchi Ami Mayers .

"Nima uchun muqobil energiya zarurligi haqida ilgari jiddiy o’ylanmaganmiz. Hech qachon bu mavzu butun mamlakat bo’ylab ko’tarilmagan. Davr o’zgarmoqda", - deya ta'riflaydi u.

Prezident Obama saylov kampaniyasida “energiya muammosi bilan jiddiy shug’ullanaman” deb va’da bergan. Biroq iqtisodiy tanazzul avj olgach, benzin narxi tusha boshladi. Kongress ham sekin harakat qilmoqda. Pikkens nazarida bu qimmatga tushadi.

"Hukumatning rejasi bo’lmasa, demak AQSh xorij neftiga qaram bo’lib qolaveradi", - deydi texaslik milliarder.

XS
SM
MD
LG