Breaking News

Yangicha uylar: Energiya xarajatini 90 foizga kesasiz


Yangicha uylar: Energiya xarajatini 90 foizga kesasiz
Yangicha uylar: Energiya xarajatini 90 foizga kesasiz

Qo’shma Shtatlar Xitoy, Yevropa va Hindiston qatorida atmosferaga eng ko’p zaharli gaz chiqaruvchi mamlakatlardan. O’rmonlarning qisqarib borishiga neft va gaz sanoati asosiy sabab.

Ekologiyani toza saqlash uchun yangi texnologiyalar qo’llanmoqda, ixtirolar qilinyapti.

Atrofda na quyosh batareyalari, na shamolda ishlaydigan apparatlar. Xo’sh, mana bu uy boshqalaridan nimasi bilan farq qiladi?

“Farqi shundaki, isitish-sovitish uchun energiyani deyarli ishlatmaysiz”, - deydi me’mor Deyvid Pibodi.

Uning kompaniyasi poytaxt Vashington atrofida ilk bor “passiv” uylarni loyihalashtira boshladi. Nemischa Passivhaus so’zidan olingan, qurilishda o’ziga xos standart bu.

Ya’ni, bunday xonadonlar issiq-sovuqni o’tkazmaydi. Hamma yog’i mahkam. Elektr quvvatiga ketadigan xarajatni 90 foizga kesasiz.

“Hozirgi zamonda har narsaga “yashil” so’zini qo’shib ishlatishga o’rganib qoldik. Tabiatga zararsiz texnologiyalar. Lekin “passiv” uylarning go’zalligi shundaki, oddiy materiallar ishlatiladi. Maxsus asbob-uskunaga hojat yo’q”, - deydi Deyvid Pibodi.

Yangicha uylar: Energiya xarajatini 90 foizga kesasiz
Yangicha uylar: Energiya xarajatini 90 foizga kesasiz
Bugun jahon bo’ylab 15-20 mingtacha ana shunday uylar qurilgan, aksariyati Germaniya va Skandinaviya davlatlarida. AQShda ham sekin-asta qiziqish paydo bo’la boshlagan, buyurtmalar tushayapti.

“Muhimi – izolyatsiya, teploizolyatsiya deymiz. Uyning devorlari-yu fundamentigacha, issiqlikni o’tkazmaydigan materiallar bilan qoplangan. Loyihaning o’z shart-talablari bor”, - deydi tushuntiradi quruvchi Rojer Lin.

Derazalar ham bir necha qavatli. Atrofi quyma ko’pik bilan mahkamlangan. Shamol-sovuqni o’tkazmaydi.

Shu mahallada yashovchi Ketlin Xarrison “passiv” uylar Amerikada ham e’tiborga tushayotganidan xursand:

“Quvonamiz, albatta. Germaniyada qarindoshlarim bor. U yerda qurilish sohasida qo’llanib kelinayotgan texnologiyalar bizning bozorga ham kirib kelayapti”.

Amerika sharqi, Virjiniyada hozir sovuq tushayotgan bir palla. Tashqarida to’rt gradus. Uy hali qurib bitirilmagan bo’lsa-da, ichkarida 12 gradus, deydi quruvchilar termometrga ishora qilib.

Yangicha uylar: Energiya xarajatini 90 foizga kesasiz
Yangicha uylar: Energiya xarajatini 90 foizga kesasiz
Arxitektor Deyvid Pibodi “passiv” uylarning har xilini ko’rgan.

“Masalan, Shimoliy Afrikada jazirama, quruq ob-havo uchun qurilgan mahallalar bor. Me’morlar izlamanan desa, ko’p narsa o’rgansa bo’ladi”, - deydi u.

“Passiv” dizaynli kvartiralarni bundan 20 yilcha oldin Germaniyaning Darmshtat shahrida fizik olimlar ixtiro qilgan. Keyinchalik bu sohani o’rganishga bag’ishlangan institut ham ochildi.

“Qurilish metodologiyasi va kompyuter programmalarini ular yozgan. Menga o’xshagan usta, me’morlar uchun tushunarli tilda”, - deydi Rojer Lin.

Qurilishda ishlatiladigan ayrim maxsus materiallarni hisobga olmaganda – masalan, buyurtma asosida kesilgan panellar, izolyatsiya, ventilyatsion sistema – quruvchilarning aytishicha, “passiv” uylarni qurishga 8-10 foiz ko’proq mablag’ ketadi xolos.

Ammo oddiy uy bilan taqqoslaganda, 90 foiz kam energiya ishlatasiz. Uzoq muddatda bu karmonga foyda. Sarmoya o’zini qoplab ketaveradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG