Breaking News

Baktibek Beshimov: Bakiyev Rossiya nog'orasiga o'ynamoqda


AQSh harbiylarini "Manas" aviabazasidan chiqarish masalasi Qirg'iziston parlamentida ovozga qo'yilganida bir deputat qarshi chiqqan. Baktibek Beshimov, Sotsial-demokratlar partiyasi fraksiyasining rahbari. Uning aytishicha, prezident Qurmanbek Bakiyev Rossiya nog'orasiga o'ynamoqda.

Sotsial-demokratlar partiyasidan 90 o'rinli Qirg'iziston parlamentida 11 deputat bor. Ulardan ikki nafari ovoz berishda betaraf bo'lgan, fraksiya rahbari Bakit Beshimov qonun loyihasiga qarshi chiqqan, qolgan a'zolar esa ovoz berishda ishtirok etmagan. Beshimovning aytishicha, partiya "Manas" aviabazasi bo'yicha o'z pozitsiyasiga ega.

"Afg'onistonda ahvol yaxshi emas. Bu Markaziy Osiyoga tahdid solmoqda. Mintaqaviy hamkorlikni ta'minlash uchun AQSh, Yevropa va Rossiya bilan hamkorlik qilishi lozim. Baza bo'yicha qaror - Moskvaning o'yini", deydi Beshimov.

Uning fikricha, Markaziy Osiyo rahbarlari har bir yirik davlat bilan o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda maslahatli siyosat yuritishi kerak.

"Ammo hozir Rossiya nog'orasiga o'ynalmoqda. Bu - eski kolonial siyosat. AQSh harbiylarining Markaziy Osiyoda bo'lishi mintaqa davlatlari manfaatlariga javob berar edi," deydi deputat.

Kuzatuvchilar AQSh harbiylarini "Manas"dan chiqarish ortida bir necha sabab bor deydi. Prezident Bakiyevning qayta saylanish ishtiyoqi, Rossiya tomonidan millionlab dollar pulning va'da qilingani, Qirg'izistonga Kreml tomonidan siyosiy bosim qo'yilayotgani.

Puldan hali darak yo'q, berilgan taqdirda ham qo'shma loyihalar Rossiya manfaatlari doirasida amalga oshiriladi, deydi qirg'izistonlik qonunchi.

"Rossiya Qirg'iziston hukumatini sotib olishga harakat qildi va buning uddasidan chiqdi. Rossiya qaysi loyihaga pul bersa, o'shani o'z qo'liga olishga harakat qiladi. Qambarota GESiga pul va'da qilgan, chunki mintaqa suviga xo'jayin bo'lmoqchi. Markaziy Osiyo davlatlarini o'ziga qaram qilmoqchi," deydi muxolifat yetakchisi.

O'tgan hafta matbuotda chiqqan xabarlarga ko'ra, prezident Bakiyev AQSh bilan muzokara eshigi hali yopilmagan deb aytgan edi. Ammo Beshimov bu ikkiyuzlamachilik deydi.

"Bakiyev shu so'zlarni aytib, ertasiga baza ijarasi bo'yicha shartnoma tuzgan barcha 11 davlat bilan bitimni bekor qildi. Bu Moskvaning buyrug'iga ko'ra qilindi, deb o'ylayman. Bakiyev Rossiya qo'liga tushdi. AQSh va Yevropa buni allaqachon tushunib yetdi," deydi Beshimov.

2005 yil mart oyida Qirg'izistonda inqilob bo'lganida, ba'zilar buning ortida G'arb, Qo'shma Shtatlar turibdi degan edi. Ammo, deydi Baktibek Beshimov, Bakiyevning hokimiyat tepasiga kelishida Kremlning roli katta bo'lgan.

"Inqilobdan ikki oy oldin Bakiyev boshliq bur guruh siyosatchilar Moskvaga yo'l olib, Rossiya matbuotida qator chiqishlar qilgan. Aybni esa Amerikaga to'nkashgan. Ammo so'nggi uch yil inqilob ortida aslida kim turganini ko'rsatib berdi."

Baktibek Beshimovning aytishicha, inqilobdan ko'p narsa kutilgan edi, demokratiya barq uradi deya umid qilingan edi, ammo so'nggi uch yil buning aksini ko'rsatdi.

"Qirg'izistonda muxolifat a'zolariga bosim kuchaygan. Hukumat ularni jinoyatchi qilib ko'rsatishga harakat qilmoqda, ammo haqiqiy jinoyatlar haligacha ochilmagan. Nazarimda, bugungi Qirg'iziston hukumati Islom Karimov siyosatiga o'xshash siyosat yuritmoqda."

XS
SM
MD
LG