Breaking News

Guantanamodagi uyg'urlar yaqin kunlarda ozod etilishi mumkin


AQSh Adliya vaziri Erik Xolderning aytishicha, 2001 yildan beri Guantanamoda saqlanayotgan uyg'ur mahbuslar taqdiri yaqin kelajakda hal etiladi va ular vaqtincha Amerikadan panoh topishi mumkin.

Aslida u yerda 22 nafar uyg'ur asir bo'lgan va hozirda ulardan 17 nafari qolgan. Besh nafari ikki yil oldin Albaniyadan boshpana olgan.

Advokatlar ularni Guantanamo singari inson oyog'i kam yetadigan bir joyda, tutqunlikda, hech qanday aybsiz qariyb 8 yildan beri o'tirgan, yorug' dunyoning biror nashidasini tortishdan mahrum insonlar sifatida tasvirlaydi.

"Hammasi prezident qo'lida. Biz adolatli qaror kutayapmiz",- deydi Sabin Uillett (Sabin Willett), olti asir nomidan gapirayotgan advokat.

Uch uyg'ur "AQShdan adolat kutmaymiz endi",- deya huquqiy himoyani rad etgan.

Afg'oniston va Pokistonda ushlangan uyg'urlarning gunohsiz ekani darrov ma'lum bo'lgan, deydi ikki uyg'urni himoya qilayotgan Jorj Klark (George Clarke).

Shinjondan chiqqani uchun Xitoy bu uyg'urlarning unga topshirilishini istaydi, ammo Amerika buni rad etgan. Vashington nazarida uyg'ur ozodlik harakatini yo'q qilishga urinayotgan Xitoy bu insonlarni qiynoqqa solishi, panjara ortiga tashlashi mumkin. Rasmiy Pekin ta'biricha esa bu asirlarga begunoh deb qarash noto'g'ri. Ular axir Tolibon hukmronligi davrida Afg'onistonga bekorga bormagan, ular ekstremist kuchlarga qo'shilgan, deydi Xitoy diplomatlari. Advokatlarning esa bunga javobi shunday:

"Tolibon davrida Afg'oniston vatangadolar maskani bo'lgan. Pasporti yo'q, boshpanasiz odamlar bu qonunsiz mamlakatda jon saqlagan. Uyg'urlar Xitoy zulmidan qochib Markaziy Osiyoga borsa, hukumatlar ularni tutib, rasmiy Pekin qo'liga topshirar edi",- deydi Sabin Uillett.

"Afg'onistonda yurgan ekan deb hammani asirga olish mumkin edi axir. Odamni qamoqda saqlash va sudlash uchun unga konkret ayb qo'yilishi kerak",- deydi u.

Advokat Jorj Klarkning aytishicha u himoya qilayotgan ikki uyg'ur afg'on-Pokiston chegarasida qabilalar tomonidan tutilib, terroristlar uchun mukofot taklif qilayotgan Amerikaga pullangan.

"Guantanamoda bunday omadsiz odamlar juda ko'p edi, hozir ham ancha. Noto'g'ri paytda noto'g'i joyda bo'lgan shaxslar",- deydi advokat Jorj Klark.

Bu himoyachilar AQShdan bu asirlarlarni darhol ozod etishni talab qilmoqda. Guantanamoning Iguana degan lagerida o'tirgan 17 uyg'ur hozirda advokatlari bilan telefonda gaplashishga, oilasi bilan bog'lanish imkoniyatiga ega.

Barak Obama prezident bo'lganidan beri qamoqdagi sharoit ancha yaxshilandi, deydi Sabin Uillett.

"Ular bir paytlar yolg'iz kameralarda saqlangan. Quyosh nurini ko'rmagan. Hozir lager ichida erkin harakat qila oladi. Bir-birini ko'radi, sport bilan shug'ullana oladi,"- deydi advokat.

Jorj Klarkning aniqlashicha uyg'ur mahbuslar qiynoqqa solinmagan. Ammo ozod etilishga haqli bo'lsa-da, borar joyi yo'q bu insonlar ruhan ezilgan. Sabin Uillett yaqinda kechgan bir suhbatni tasvirlaydi.

"Men himoya qilayotgan uyg'urlardan biriga qarab, menga haq to'lash haqida hech o'yladingmi deb so'radim. "Qanaqa haq",- deb javob qildi. "Haqim shuki",- dedim unga, "qamoqdan chiqsang, uyingga mehmonga chaqirasan. Uyg'ur taomlari juda shirin deyishadi. Rafiqang va bolalaring bilan tanishtirasan".

"Omading yo'q ekan, og'ayni, men bechorada na vatan, na uy, na xotin va na bola bor. Kelajakda bo'ladimi yo'qmi, xudo biladi",- dedi bu uyg'ur. Ana chiqarishadi, mana chiqarishadi deb yillab kutgan bu insonlar umidni boy bergan",- deydi Sabin Uillett.

Aslida yirik korporatsiya va firmalar huquqini himoya qiladigan bu advokatlar asirlarga tekin xizmat ko'rsatmoqda.

"Amerika bayrog'i hilpirab turgan joyda insonlar qiynoqqa solinayotganini eshitishim bilanoq Guantanamodagi asirlarni himoya qilishni o'z burchim deb bildim. Aybingiz odil sudda isbotlanmaguncha, siz begunoh insonsiz. Hatto aybdor deb topilsangiz ham o'z huquqingizga egasiz",- deydi Sabin Uillett.

Guantanamoda aslida 500 ga yaqin asir bo'lgan. Hozir ulardan 250 nafari qolgan va Amerika hukumati bir yil ichida ularning ishini birma-bir ko'rib chiqib, bu qamoqxonani yopish taraddudini ko'rmoqda.

Uyg'ur mahbuslar "aynan Amerikada yashashni istayman" deyayotgani yo'q. Qo'shma Shtatlar uyg'ur jamoasi katta Kanada, Finlyandiya yoki Shvetsiya kabi davlatlardan ularni qabul qilishni so'ramoqda.

Uyg’ur xalqi dunyoda davlatchilik uchun kurashib kelayotgan yirik etnik guruhlardan biri. Jahon bo’ylab 20 million atrofida uyg’ur bor.

Ularning 10 millionga yaqini Xitoy g’arbida - Shinjon Uyg'ur Muxotiyatida, uyg’urlar ta’biricha esa Sharqiy Turkistonda istiqomat qiladi.

Markaziy Osiyo va G’arb davlatlarida ham uyg’urlar millionlarni tashkil etadi.

Uyg’urlar din va madaniy jihatdan turkiy dunyoning bir qismi. Uyg'urlar "mustaqillik va erkinlik uchun kurashyapmiz" desa, rasmiy Pekin ularni bo’lginchilikda ayblaydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG