Breaking News

Xitoy Urumchidagi qonli voqealarda uyg'ur yetakchini ayblamoqda


Ayni damda Xitoyning Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida kommendantlik soati hukmron.

5 iyul kuni Urumchi shahrida boshlangan namoyishlar, uyg’ur va xitoylar orasidagi to’qnashuvlarda 156 dan oshiq odam o’lgan.

Bugun Urumchining ikki joyida ommaviy chiqishlar kuzatilgan. Yuzlab uyg’ur ayollar politsiya bilan to’qnashgani ma’lum.

Bu xotin-qizlar hukumatdan ularning eri, aka-ukalari va bolalarini qamoqdan ozod etishni talab qilmoqda. 6 iyuldan beri Shinjonda bir yarim mingga yaqin kishi hibsga olingan, aksariyati uyg’urlar.

Mana bu uyg’ur ayolning aytishicha uning turmush o’rtog’i hech bir aybsiz qamoqda o’tiribdi. “Uning erkinligi uchun o’limga ham tayyorman”, deydi u.

Bugun kechga yaqin Urumchida politsiya uyg’urlar bilan chiqisha olmayotgan xitoylarni tarqatib yuborish uchun ko’zni yoshlantiradigan gaz qo’llagan. Namoyishchilarning ko’pi yog’och va temir tayoqlar ko’targan.

Shinjonda 20 milliondan ortiq aholining taxminan sakkiz millioni uyg’ur, qolgani xitoylar.

BMT Inson huquqlari komissari Navi Pillay Xitoy hukumatini fuqaro erkinliklarini ta’minlashga, namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslikka chaqirmoqda.

AQSh Kongressi ham rasmiy Pekinni uyg’ur huquqlarini hurmat qilishga, bu xalq nimadan norozi ekanini tinglab, ularga zulm ko’rsatmaslikka undamoqda.

Vakillar Patalasining bir necha a’zosi Davlat kotibasi Xillari Klintonga maktub yo’llab, Obama ma’muriyatidan Xitoy bilan uyg’urlar taqdiri yuzasidan jiddiy muloqot boshlashni so’ramoqda.

Xitoy hukumati esa Urumchidagi namoyishlar va umuman uyg’urlarni tuzumga qarshi chiqayotganiga tashqi kuchlar aybdor demoqda.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Kin Gang “Urumchida odamlarni bosh ko’tarishga undagan odam bu Robiya Qodirdir”, deydi.

Robiya Qodir jahon uyg’urlari yetakchisi. Uzoq yillar Xitoyda panjara ortida o’tirgan. Bu davlatning ashaddiy tanqidchisi va hozir Amerikada yashaydi.

Xitoy rasmiysi Kin Gangning aytishicha Urumchida katta tergov boshlangan. “Xorijda yashayotgan uyg’urlar Shinjondagi millatdoshlarini bizga qarshi gijgijlayotganini, internet va uyali telefon orqali uy’gurlarni hokimiyatga qarshi qurol ko’tarishga undayotganini bilamiz”,- deydi Xitoy diplomati.

“Davlatimiz bunday harakatlarni bostiradi va keskin choralar ko’rishga tayyor”,- deydi u.

Norozilik kayfiyati naqafat Urumchi balki Qashg’ar kabi qadim shaharlarda ham ko’zga tashlanmoqda. Mintaqaga xorijiy axborot vositalari kiritilmayapti. Jamiki ma’lumotlar aksariyat hollarda rasmiy manbalardan olinmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG