Breaking News

O'zbekistonda fermerlar o'tkazilayotgan yer islohotidan norozi


Sharhlovchilar fikricha O’zbekistonda qishloq xo’jaligiga munosabatni qayta ko’rib chiqish kerak.

Birinchidan, suv taqchilligi hosildorlikni xavf ostiga qo'ymoqda. Ikkinchidan, ekinga yaroqli yerlar qisqarmoqda, sho'rlanish baland. Yer bilan ishlash esa tobora qimmatlashmoqda.

Fermer o’tkazilayotgan yer islohotidan norozi. Bugun O’zbekiston xo’jalik sudlarida ketayotgan aksariyat tergovlar yer masalasi bilan bog’liq.

O’zbekistonda qishloq xo’jaligi an’anaviy, uzoq tarixga ega soha. Biroq tarix qishloq xo`jaligida hozirgidek bir murakkab vaziyat vujudga kelganidan xabar bermaydi. Yaqingacha O`zbekiston tabiati jannatga qiyoslab kelinardi. Darhaqiqat, 50-60 yillar avvalgi xotiralarga nazar tashlansa, ayniqsa vodiy tabiatini jannatga qiyoslash samimiydek tuyuladi.

So’lim bog’lar, sabzavot, poliz ekinlarining to’kin-sochinligi, cheksiz mevazor, uzumzor bog`lar … vodiy tabiatining fasllarga ko’ra yorqin turlanishi shoirlarni hayratga solgan.

O’zbekiston uchun Orol dengizining qurishi inqirozni boshlab berdi. Bugun bu havzada ekologik inqiroz hukmron, yerlarning akasariyat qismi oppoq tuz bilan qoplangan. Bu vaziyat boshqa viloyatlarga ham ko’chmoqda.

Sho'r ekinzorlar

Usta dehqonlar ekin yerni butun mamlakat bo’ylab qidirishadi. Sho’rlanish esa har yili sog’lom yerning ma’lum qismini yaroqsiz qilmoqda. Suv taqchilligini hisobga olganda qishloq xo’jaligi istiqboli yanada tashvishli.

Aholisining 60 foizi qishloqlarda istiqomat qiluvchi O’zbekiston uchun qishloq xo’jaligi juda muhim. Bugun moliyviy inqroz tufayli minglab ishsiz muhojirlar yurtga, qishloqqa qaytishmoqda. Mamlakat iqtisodini qishloq xo'jaligisiz tasavvur etish qiyin.

“Haqiqatdan, vaziyat ancha jiddiy, ekin yerlarni 50 foizdan ko’prog’i sho’rlangan, biroq imkonsiz emas. Qishloq xo’jaligi kelajagi sho’rga chidamli ekinlar yetishtirish, suvni tejashga ixtisoslashgan ilg’or texnologiyalarni joriy etishga bog’liq”, - deydi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi Bekjon Toshmuhammedov.

O’zbekiston prezidenti qishloq xo’jaligi mamlakat iqtisodining asosiy tirgaklaridan biri ekanini ta’kidlab keladi. Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili munosabati bilan qilgan ma’ruzasida prezident ayniqsa fermerlar uchun imtiyozlarni kengaytirish, qishloqda mulkdorlar sinfini shakllantirish, yer unumdorligini yaxshilash haqida gapirgan edi.

"Yerdan o'z ixtiyorim bilan voz kechaman"

Ammo hukumati tomonidan qabul qilingan ekin yerlarini optimallashtirish haqidagi qaror aksariyat fermerlar uchun qattiq zarba bo’ldi.

“Qurg’oqchilik bo’lgani, suv yetishmagani, boshqa talabalarimiz haqida prezidentgacha yozib chiqdik, lekin inobatga olinmadi”, - deydi fermerlardam biri.

Ma’lumotlarga ko’ra yuzlab fermerdan yerdan voz kechishi haqida ariza yozdirib olingan.

“Avval texnikasi yo’q odamlar fermer bo’lmaydi deyishgan edi. Hozir hech kim texnikang bor-yo’qmi deb so’ragani ham yoq. Faqat yerni ixtiyoriy ravishda tuman zaxirasiga topshiraman degan arizani yozdirib olishmoqda”, - deydi boshqa bir fermer.

Bekjon Toshmuhammedovga nazarida hukumat fermer xo’jaliklarini yiriklashtirish bilan kelajakda mexanizatsiyalash jarayonini nazarda tutgan bo’lishi mumkin. Lekin bu islohot kichik fermerlarni nochor vaziyatga qo’yish orqali amalga oshirilayotgani achinarli hol.

Dehqonlarning aytishicha, vaziyat aksincha natija bermoqda. 10 yil mobaynida texnika yiqqan fermerning texnikasi o’zida qolayapti. 50 gektarga yaqin yerga ega bo’lgan fermerda texnika yetishmaydi. Texnika olish uchun uning puli ham yo’q.

Yeridan ajragan fermerlardan biri Ma’murjon Azimov prezidentga ochiq xat bilan murojaat qilgan. Unga ko’ra Jizzax viloyatida 10 ming fermer xo’jaligi bo’lsa hammasidan majburan ariza yozdirib oligan. Keyin esa mahalliy amaldorlar odamiga qarab yerni bo’lib bergan.

“Yer amaldorlar uchun oltin kon bo’ldi. Oshna-og’aynigarchilik avjga chiqdi, rahbarlar yer bilan istaganini qilayapti”, - deydi Azimov.

Suv kam, bori ham isrof bo'lmoqda

Bugun hosildorlikka eng katta tahdid bu suv taqchilligi. Yaqin keljakda suv zaxirasi yanada kamayishi mumkin.

“Suv bilan bog’liq asosiy muammo iqlim o’zgarishi, mintaqada umumiy suv zaxirasining kamayib borayotgani, qolaversa, bu yerdagi katta loyihalar uchun sarmoya zarurligidir. Orol qurishi bilan yuzaga kelgan qiyinchiliklar katta loyihalarni amalga oshirish talabini qo’yadi”, - deydi ekologlardan biri.

O’zbekistonda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish muammosi bugunga kelibgina dolzarblik kasb etmoqda. Qishloq xo’jaligi infratuzilmasi suvni tejashga moslashmagan. Ilg’or texnologiyalarni joriy etish katta mablag’ talab etadi.

“Qishloq xo’jaligiga nisbatan yangi strategiya qabul qilinishi lozim. Ilg’or davlatlarning tajribasini o’rganib, tatbiq etishimiz kerak. Bor sharoit, resurslar tahlil qilinishi kerak. Shundan kelib chiqib yondashish kerak. Hozirgacha shuncha mablag’ yo’qotdik, nega biror foydasi bo’lmayapti? Orol quridi, hosildorlik ko’tarilmadi, xalqning ijtimoiy ahvoli og’irlashdi ”, - deydi ekolog Rustam Razzoqov.

O’zbekiston bu yil paxtani 50 ming gektarga qisqartirish haqida qaror qabul qildi. Fermerlarga ko’ra bu suv tanqisligi bilan bog’liq.

“Bu yil ham paxta sug’orish mavsumida suv bo’lmaydi. Real vaziyatdan kelib chiqish kerak. Besh foizga qisqartirish hali islohot qilish degani emas. Paxta ekinini 40-50 foizga qisqartirish zarur edi. Uning o’riniga uzumzor, bog’ qilish kerak edi. Boshqa ekinlar ekish kerak, paxtadan ko’ra daromadi bo’lardi”, - deydi fermer.

Nima yetishtirishni dehqonga qo'yib bering, aka

Aslida o’zbek dehqoni davlat monopoliyasi hisoblangan paxta yoki bug’doy ekishdan manfaatdor emas. Dehqon ko’proq davlat tomonidan sotish imkoniyati cheklanmagan poliz ekinlaridan, meva va sabzavotlardan daromad ko’rishi mumkin.

O’zbekiston qishloq xo’jaligidagi temir qoidalardan biri - paxta yetishtirish dehqon zimmasida, uni sotish esa hukumat yoki hukumatga yaqin shirkatlar vakolatiga kiradi.

“O’zbekiston demokratik islohotlar yo’lidan ketmoqda. Shunday ekan monopoliya olib tashlanishi kerak. Lekin hozirgi vaziyatga ko’ra hukumat bunga tayyor emasdek ko’rinadi” , - deydi akademik Bekjon Toshmuhammedov.

Fermerlarning o’z yeridan ajrashi ularni ishsizlar qatoriga qo’shadi. Yirik xo’jaliklarda yollanib ishlash esa tirikchilik uchun yetarli daromad bermaydi. Aholining aksariyat qismi uchun qishloq xo’jaligi aynan tirikchilik vositasi. Sohani tiklash xalqaro moliyaviy tashkilotlar ko’magisiz amalga oshishi qiyin.

Ayni paytda hukumat Jahon Banki, Osiyo Taraqqiyot Banki qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar qishloq xo’jaligi, aholi turmush darajasini tiklashga qaratilgan kreditlar ajratishgan.

Mulohazalarga ko’ra hukumat aniq va jiddiy islohotlar o’tkazmas ekan, qishloq xo’jaligining aholi turmushidagi o’rni samarasizligicha qolaveradi.

XS
SM
MD
LG