Breaking News

Markaziy Osiyo birlashishidan kim nima foyda ko'radi?


Siyosatdonlar nazarida mintaqaviy birlik azaliy va tobora ommaviylashib borayotgan tushuncha. Iqtisodiy-siyosiy nufuzga ega bo’lmagan davlat xalqaro sahnada o’z o’rnini topishga qiynaladi.

Markaziy Osiyo Rossiya va Xitoydek katta davlatlar soyasida qolib ketishni istamasa va yirik siyosiy o’yinchi sifatida ko’tarilmoqchi bo’lsa, deydi ayrim tahlilchilar, birlashishga majbur.

Buning ustiga qo’shnilari bilan yaqin aloqada bo’lmagan davlatning tashqi dunyo bilan hamkorlik qilishi qiyin.

Madaniy va iqtisodiy jihatdan yaqin mamlakatlar bir-biriga suyansa tezroq taraqqiy eta olishini Yevropa Ittifoqi misolida ko’rish mumkin.

G’arb nazarida bugun Qozog’iston - Markaziy Osiyodagi yetakchi iqtisodiy kuch bo’lsa, demokratiya va erkinlik bobida Qirg’iziston ancha oldinda.

Ammo shimoldan Rossiya, sharqdan Xitoy, g’arbdan Eron va janubdan Afg’oniston kabi davlatlarga qo’shni mintaqa siyosiy-iqtisodiy jihatdan tarqoq hudud sifatida tilga olinadi.

Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi mintaqaga birdamlikni nasihat qila boshlagan.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Pyer Morel fikricha ko’p narsa hukumatlarning irodasiga bog’liq.

Markaziy Osiyo yirik derjavalar uchun “hovli” sifatida xizmat qilishni istamasa, erkin savdo va raqobat uchun zamin hozirlashi lozim, deydi u.

Morelning aytishicha, Yevropa bunda mintaqaga yordam berishga tayyor.

G'arbda yangrayotgan umumiy mulohaza shuki, O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston va Tojikiston aholi turmush darajasini ko’tarish uchun chegara va suv taqsimoti bobida, boj va savdo yuzasidan kelishib olishi va umumiy iqtisodiy zona yaratishi lozim.

“Mintaqaviy ittifoq tuzish kerak”, - deydi o’zbekistonlik mutaxassis Abdumannob Po’lat. Amerikada yashovchi bu tahlilchi fikricha, mintaqa birdam emas ekan, Markaziy Osiyo uchun taraqqiyot yo’llari ham yopiq.

"Iqtisodiy tomondan oyoqqa turgan Markaziy Osiyogina siyosiy erkinliklar sari jiddiy qadam qo'ya oladi".

Qirg'izistondek cho’ntagi bo’sh xalq demokratiyaga erishdi, deydi Abdumannob Po’lat, lekin baribir uzoqqa bora olmayapti.

O’zbekiston rasmiylari, jumladan mamlakatning tashqi savdo va sarmoya bo’yicha vaziri Elyor G’aniyev respublika qo’shni davlatlar bilan o’nlab kelishuvlar imzolagani va ular asta-sekin amalga oshirilayotganini ta’kidlab keladi.

Biroq mintaqaviy yig’inlarda hatto prezident Islom Karimovning o’zi ham bitimlar ish bermayotganini qayd etadi.

Karimov 10 yil oldin olg’a surgan mintaqaviy ittifoq masalasi bugun Qozog’iston tomonidan yangilangan va prezident Nursulton Nazarboyev ushbu taklifni bir necha bor o’rtaga tashlagan.

Karimov ta’biricha O’zbekiston uchun bu hozir eng muhim masala emas. Davlatlarning taraqqiyot darajasi turlicha, deydi Karimov.

Bu ikki yirik qo’shnining fikri bir joydan chiqmas ekan, deydi tahlilchilar, qolgan davlatlar hech narsa qila olmaydi.

Markaziy Osiyo integratsiyasi mavzusida Fransiyaning Monpelye Universitetida doktorlik ishi ustida ishlayotgan yosh tadqiqotchi Iqbol Qoraboyev fikricha regional birliksiz mintaqa dunyodagi yangi tartibda o’z o’rnini topa olmaydi.

“Hozir xalqaro munosabatlarda bir-biriga yaqin joylashgan, siyosiy, madaniy, etnik, diniy yoki iqtisodiy jihatdan bir-biriga yaqin davlatlar o’zaro bir hududiy tashkilot tuzib, shu tashkilot atrofida yagona hududiy birlik va o’zlik yaratish harakati kuchayib bormoqda”,- deydi Qoraboyev.

Markaziy Osiyo davlatlari bugun Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati kabi tashkilotlarga a’zo. Ularning maqsadi ham iqtisodiy-siyosiy hamkorlik uchun imkoniyatlar yaratish.

“Lekin bu tashkilotlarning bir xususiyati borki, ular ichida dunyo darajasida siyosat yuritadigan Rossiya va Xitoy bo’lsa, ikkinchi tomonda Markaziy Osiyoning kichik davlatlari bor”,- deydi Qoraboyev.

Yuqorida tilga olingan tashkilotlarga a’zolik Rossiya va Xitoydek yirik qo’shnilar bilan yaqinlashishga yordam berishi mumkin.

Ammo, deydi Iqbol Qoraboyev, aynan mintaqa ravnaqini ko’zlovchi, aynan uning xalqlari va manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot tuzish – zamon talabi. Toki mintaqa xalqaro sahnada o’z o’rniga ega bo’lsin.

Masalan, deydi tadqiqotchi, Janubi-Sharqiy Osiyo Davlatlari Uyushmasi, qisqacha, ASEAN deya tanilgan mintaqaviy tashkilot bugun dunyo minbarida 11 mamlakat nomidan gapiradi. Singapur va Malayziya kabi tez rivojlanayotgan davlatlar unga a’zo. Qolaversa, deydi Iqbol Qoraboyev, Yevropa Ittifoqi ham mintaqaviy hamjihatlikka asoslangan.

“Yevropa Ittifoqi davlatlari regional mantiqni juda yaxshi o’zlashtirib olgan. Shu jihatdan ular Markaziy Osiyo davlatlariga bu mantiqni tushuntirib berishda, uning foydasini ochib berishda katta rol o’ynashi mumkin”,- deydi u.

AQSh Markaziy Osiyoni Afg’oniston bilan hamkorlikni kuchaytirishga chorlab, maxsus loyiha ishlab chiqqan.

“Bu Buyuk Markaziy Osiyo loyihasi, Afg’oniston notinch ekan, hali-beri foyda bermaydi”,- deydi Iqbol Qoraboyev.

Lekin AQSh siyosatchilariga Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat yuzasidan maslahat beruvchi Frederik Starr deydiki, mintaqa faqat shimol yoki sharq bilan emas, har tomonlama, xususan, Hindiston va Pokiston kabi yirik portlarga ega, dunyo suvlariga olib chiquvchi davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirishi kerak.

Biroq, deydi Frederik Starr ham, Markaziy Osiyo hudud sifatida o’zini mustahkamlab olishi kerak. AQSh mintaqaga har tomonlama yordam berishi va hukumatlarga bir yoqadan bosh chiqarib ishlash uchun yo’l ko’rsatishi lozim.

Bir yoqadan bosh chiqarish uchun esa Markaziy Osiyodagi har bir davlat avvalo ittifoqdan unga nima naf tegishi, konkret foyda nimada bo’lishini aniqlab olishi kerak.

O’zbekistonlik yana bir yosh tahlilchi, AQShning Vayoming (Wyoming) Universiteti magistranti, siyosatshunoslikdan tahsil olayotgan Ahad Abdurahmonov fikricha hozirgi kunda biror mintaqaviy birlashmani amalda ko’rish qiyin, chunki Markaziy Osiyo xalqlari va hukumatlari qator murakkab savollarga javob topishi kerak.

“Agar birlashish kerak bo’lsa, qaysi platformada birlashadi? Kim unda asosiy rol o’ynaydi"? - deya so'raydi Abdurahmonov.

Tashqi siyosatda mintaqadagi hukumatlar o’zaro kelishib yo’l tuta oladimi, yaqin hamkor-davlatlar bunga nima deydi?

Ahad Abdurahmonov nazarida bular bugungi siyosiy manzarani hal etayotgan muhim faktorlar.

“Markaziy Osiyodagi siyosiy institutlar bir-biri bilan yaqin aloqada bo’lib, bir-birini qo’llab-quvvatlashi kerak bo’ladi. Ikkinchidan, bizga yaqin bo’lgan, katta geopolitik kuchga ega bo’lgan davlatlar bor. Bu masala ularning ham ixtiyoriga, bu narsaga moyil yoki moyil emasligiga ham bog’liq”,- deydi Abdurahmonov.

“Amerika Ovozi” bilan muloqotda bo’lgan mutaxassislar va rasmiylar bir fikrda kelishadi – mintaqaning siyosiy-iqtisodiy-madaniy jihatdan birlashishi oson bo'lmaydi, lekin teng huquqli birlikka erishish unga jahon sahnasida o’ziga xos kuch va nufuz beradi.

Erkin iqtisodiy hudud barpo etilishi esa mintaqa xalqlari uchun katta imkoniyatlarga yo’l ochadi. Yana bir muhim omil, deya eslatadi sharhlovchilar, birlik avvalo o’zaro hurmat va ishonchdan boshlanadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG